Jahon banki O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun $105 mln ajratadi

Loyiha 2030 yilga borib 100 mingta yangi ish o‘rni yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda

Jahon banki O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun $105 mln ajratadi

Jahon bankining ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston Respublikasida FINGROW loyihasini amalga oshirish uchun moliyalashtirish paketini ma’qulladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Moliyaviy yordam $100 mln miqdoridagi kredit va $5 mln grantni o‘z ichiga oladi. Ajratilgan mablag‘lar aylanma mablag‘lar yetishmasligi muammosiga duch kelayotgan mikro, kichik va o‘rta biznes subyektlari (MKO‘B) uchun kredit resurslari hamda xususiy kapitalga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Hozirda O‘zbekistonda barcha kompaniyalarning 90% dan ortig‘i, bandlikning 75%i va yalpi ichki mahsulotning qariyb 55%i MKO‘B hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi yillarda kreditlash hajmi oshganiga qaramay, moliyalashtirish taqchilligi hanuz sezilarli darajada saqlanib qolmoqda. Sektorning kreditlarga bo‘lgan ehtiyoji $13 mlrdga baholanmoqda, real moliyaviy tanqislik esa $6 mlrdni tashkil etadi.

Ayollar tomonidan boshqariladigan kompaniyalar ayniqsa qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ular ro‘yxatdan o‘tgan korxonalarning qariyb uchdan bir qismini tashkil etsa-da, ajratilgan kreditlarning atigi 14%i ularga to‘g‘ri keladi. Moliyaga kirish imkoniyati 23% ayol tadbirkorlar tomonidan asosiy muammo sifatida ko‘rsatilmoqda.

Loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida faoliyat yurituvchi Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi (TRK) ko‘magida amalga oshiriladi. TRK banklar, mikromoliya tashkilotlari va xususiy investorlar bilan hamkorlikda raqobatbardosh bizneslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit kafolatlari va ulushli moliyalashtirishni taqdim etadi.

Rejalarga ko‘ra, 2030-yilga kelib qariyb 7 mingta korxona moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ulardan 4,5 ming tasi ayollar va yoshlar tomonidan boshqariladi. Bu esa 100 mingta yangi ish o‘rni yaratilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, tez sur’atlarda rivojlanayotgan 70 tagacha kompaniya biznesni kengaytirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

Mazkur loyiha Jahon banki guruhi tomonidan amalga oshirilayotgan, umumiy byudjeti $4 mlrd bo‘lgan mintaqaviy dastur doirasiga kiradi. O‘zbekiston va Turkiya Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida ushbu tashabbus doirasida moliyalashtirish olgan dastlabki davlatlar bo‘ldi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Burger King Toshkentda ilk filialini ochdi
/
Burger King Toshkentda ilk filialini ochdi
Yuksalish” harakati O‘zbekiston eng muvaffaqiyatli va yosh tadbirkorlar reytingini e’lon qildi
/
Yuksalish” harakati O‘zbekiston eng muvaffaqiyatli va yosh tadbirkorlar reytingini e’lon qildi
Jahon banki O‘zbekistonga infratuzilmani rivojlantirish uchun $250 mln ajratadi
/
Jahon banki O‘zbekistonga infratuzilmani rivojlantirish uchun $250 mln ajratadi