Jahon banki Markaziy Osiyoda yagona energiya bozorini yaratishga $1 mlrddan ortiq mablag‘ yo‘naltiradi
Mintaqada yagona elektr bozori shakllantirilib, tarmoqlarga 9 GVt qayta tiklanuvchi energiya ulanadi
Foto: Getty Images
Jahon bankining Ijrochi direktorlar kengashi Markaziy Osiyoda yagona energetika bozorini shakllantirishga qaratilgan REMIT dasturini ma’qulladi. Bu haqda xalqaro moliya institutining rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Loyiha 10 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uch bosqichda amalga oshiriladi. Dastur doirasida mintaqada ilk bor mintaqaviy elektr energiyasi bozori tashkil etilishi, elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik salohiyati kengaytirilishi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini faol joriy etish uchun sharoitlar yaratilishi rejalashtirilgan. Umumiy moliyalashtirish hajmi $1,018 mlrdni tashkil etadi.
Birinchi bosqichda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va “Energiya” muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markaziga $143,2 mln ajratiladi. Shundan $140 mln Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi kreditlari, $3,2 mln esa grantlar hisobiga taqdim etiladi. Ushbu mablag‘lar elektr energiyasi savdosini yo‘lga qo‘yish va infratuzilmani mustahkamlashga yo‘naltiriladi.
Jahon banki qayd etishicha, mintaqada elektr energiyasiga bo‘lgan talab tez sur’atlarda o‘sib bormoqda va 2050-yilga borib uch baravarga oshishi mumkin. Shunga qaramay, hozirda davlatlar o‘rtasidagi energiya almashinuvi umumiy talabning atigi 3% ini, qayta tiklanuvchi manbalar ulushi esa 4 foizni tashkil etadi. REMIT dasturi Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroenergetika resurslarini boshqa mamlakatlarning issiqlik generatsiyasi bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, quyosh va shamol stansiyalari salohiyatidan keng foydalanishni ko‘zda tutadi.
Dastur natijasida yillik elektr energiyasi savdosi hajmini kamida 15 ming GVt/soatga yetkazish, elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanligini 16 GVtgacha oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, mintaqa energiya tizimlariga 9 GVtgacha toza energiya quvvatlari integratsiya qilinadi. Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Nadji Benhassinning baholashicha, energetik integratsiyani chuqurlashtirish 2050-yilgacha mintaqa iqtisodiyotiga $15 mlrdgacha foyda keltirishi va iste’molchilar uchun tariflarni pasaytirishi mumkin.
Bankning infratuzilma bo‘yicha direktori Charlz Kormye ta’kidlashicha, dastlabki bosqichning o‘zida qariyb 900 MVt yangi quvvatlar ishga tushirilishi va bu orqali $700 mln atrofida xususiy investitsiyalar jalb qilinishi kutilmoqda.
Keyingi bosqichlarda elektr tarmoqlarini raqamlashtirish va mintaqaviy energetika institutlari faoliyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ