Iyun oyida 58 ta kompaniya IT-Park rezidenti maqomini oldi
Ishtirokchi mamlakatlar orasida Yaponiya, Turkiya va BAA kabi davlatlar mavjud

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil iyun oyida IT-Park rezidentlari safiga tashqi bozorlarga yo‘naltirilgan 58 ta kompaniya qo‘shildi.
Ularning 29 tasi xorijiy sarmoyani jalb etgan. Ishtirokchi mamlakatlar orasida Indoneziya, Turkiya, BAA, Ruminiya, Portugaliya, Vengriya va Yaponiya mavjud.
Yangi ishtirokchilar faoliyatlarining birinchi yilidayoq 1,1 mingdan ortiq ish o‘rni yaratishni maqsad qilishgan. Ularning ayrimlari katta eksport rejalarini e’lon qildi. Masalan, Braziliyaning Guaraqe kompaniyasi AQShlik mijozlar uchun dasturiy yechimlarni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ko‘rsatadi. Rejalashtirilgan eksport hajmi $1,5 mlnni tashkil etadi.
Portugaliya va Vengriya sarmoyasini birlashtirgan “Ruby Talent Solutions” kompaniyasi amerikalik buyurtmachilar uchun taqsimlangan jamoalarni tanlash va boshqarishga e’tibor qaratadi. Eksportdan kutilayotgan daromad $3,1 mln miqdorida baholanmoqda.
Ruminiyaning “Accesa” kompaniyasi Germaniya va Ruminiya bozorlari uchun raqamli mahsulotlar yaratish, maslahat berish va dizayn xizmatlari bilan shug‘ullanadi. Kompaniya $2,2 mlnlik eksportni amalga oshirish va 40 tagacha yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirmoqda. Birlashgan Arab Amirliklarining “Mont Tech Systems” kompaniyasi esa Tojikistonlik mijozlarga SAAS yechimlari va IT-maslahat xizmatlarini taklif etib, kutilayotgan eksport hajmi $8,5 mlnni tashkil etishi kutilmoqda.
Iyun oyi oxiriga kelib, IT Parkdagi xorijiy rezidentlarning umumiy soni 776 ta kompaniyaga yetdi, ulardan 206 tasi hududlarda faoliyat yuritmoqda. Eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarning umumiy soni 750 tani tashkil etib, ularning 228 tasi poytaxtdan tashqarida joylashgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ