Iyun oyida biznes muhiti indeksi 10 bandga oshdi
Shuningdek, tadbirkorlarning 38% so‘nggi uch oyda o‘z biznesi holatining yaxshilanganini ma’lum qilgan

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda iyun oyida biznes muhiti indeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 bandga oshib, 63 bandni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilidan ma’lum qilindi.
Bu esa uzoq muddatli istiqbolda biznes ishonchining mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, o‘tgan oyga nisbatan ham 2 bandga o‘sish qayd etildi, bu esa joriy yil boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Iyun oyida biznes muhiti indeksining joriy holati 47 bandni tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 bandga oshganligini ko‘rsatadi.
Biznesning joriy holati indeksi tadbirkorlarning mamlakatdagi real vaziyat va biznes yuritish sharoitlari haqidagi tasavvurini aks ettiradi. Unda savdo hajmi, bandlik, talab, resurslarga yetishimlilik hamda operatsion muhit barqarorligi kabi omillar inobatga olinadi.
Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalar indeksi 6 bandga oshib, 80 bandni tashkil etdi. Bu esa tadbirkorlarning barqarorlikka bo‘lgan ishonchini namoyon etmoqda.
Natijalarga ko‘ra, tadbirkorlarning 38% so‘nggi uch oyda o‘z biznesi holatining yaxshilanganini ma’lum qilgan, 38% talab o‘sganligini qayd etgan, 24% esa ishchilar sonining ko‘payganini bildirgan. Shu bilan birga, so‘rovda ishtirok etganlar tadbirkorlarning 71% kelgusida talab o‘sishini, 59% ishchilar soni ko‘payishini, 21% esa narxlar o‘sishini kutmoqda.
Sektor tahlili
2025-yil iyun oyida sanoatda biznes muhiti indeksi ijobiy dinamikani namoyon etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 bandga yaxshilandi va 59 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, istiqboldagi kutilmalar indeksi 73 banddan 83 bandgacha o‘sdi. Joriy holat indeksi 37 band darajasida o‘zgarishsiz qoldi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, sanoatdagi tadbirkorlarning 38% so‘nggi uch oyda biznesi yaxshilanganini ma’lum qilgan (2024-yil iyun oyida bu ko‘rsatkich 32%ni tashkil etgan edi). Shuningdek, korxonalarning 79% kelgusida biznes holati yanada yaxshilanishini kutmoqda, bu o‘tgan yilgi 71%ga nisbatan yuqori ko‘rsatkichdir.
Qishloq xo‘jaligida biznes muhiti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 bandga yaxshilandi va 59 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, joriy holat indeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 bandga (35 banddan 41 bandga) oshdi, istiqboldagi kutilmalar indeksi esa 3 bandga (80 banddan 83 bandga) o‘sdi.
Natijalarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligidagi tadbirkorlarning 49% o‘z faoliyatining joriy holatini “qoniqarli” deb baholagan. Shu bilan birga, 22% so‘nggi uch oyda ishchilar soni o‘sganligini, 79% esa kelgusida biznes holati yanada yaxshilanishini qayd etdi.
Xizmatlar sohasida biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 17 bandga yaxshilandi va 68 bandni tashkil etdi. Istiqboldagi kutilmalar indeksi 11 bandga (68 banddan 79 bandgacha) oshdi, joriy holat indeksi esa 22 bandga (34 banddan 57 bandgacha) o‘sdi.
Xizmatlar sohasidagi tadbirkorlarning 47 % joriy holatni “yaxshi” deb baholagan, 39 % so‘nggi uch oyda biznes sharoitlarining yaxshilanganini qayd etgan, 71 % esa kelgusida talab o‘sishini kutmoqda.
Qurilish tarmog‘ida biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 4 bandga o‘sib, 61 bandni tashkil etdi. Joriy holat indeksi 15 bandga o‘sib, 49 bandga yetdi. Shu bilan birga, istiqboldagi kutilmalar indeksi 9 bandga kamayib, 73 bandni tashkil etdi
Shu bilan birga, qurilishda so‘nggi uch oyda biznes holati “yaxshilandi” deya 36% respondent qayd etgan, kelgusida biznes holati o‘zgarmasligini kutayotganlar 21% tashkil etgan. Qurilish tarmog‘i amaldagi o‘zgarishlarga moslashib, barqarorlikni namoyon etmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ