O‘zbekistonda xorijiy IT-mutaxassislar uchun yaratilayotgan sharoitlar ijobiy baholanmoqda
Xususan, xorijiy kompaniyalarning 96%i mamlakatda qolishni rejalashtirmoqda

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) hamda IT Park hamkorligida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijiy IT-mutaxassislar va kompaniyalar uchun yaratilayotgan sharoitlar ijobiy baholanmoqda.
So‘rovnomada ishtirok etgan xorijiy mutaxassislarning 82% va kompaniyalarning 96% O‘zbekistonda o‘z faoliyatini davom ettirish niyatida. Shuningdek, respondentlarning katta qismi mamlakatni relokatsiya uchun qulay deb hisoblamoqda — kompaniyalarning 93% va mutaxassislarning 81% bu fikrni bildirgan.
Tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha relokant — bu 38 yoshli, oilali, farzandli va malakali xorijiy mutaxassis. So‘rovda qatnashganlarning 66% oilali bo‘lsa, 40% 16 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyalaydi.
Kompaniyalarning 44% va mutaxassislarning 41% moliya-bank xizmatlarini yanada qulaylashtirish tarafdori. Shuningdek, mutaxassislarning 35% yashash guvohnomasini olish tartiblarini soddalashtirish zarur deb hisoblagan.
Respondentlarning 78% IT kartasidan amaliyotda foydalanmayotganini bildirgan, ulardan ko‘pchiligi davlat organlari va bank xodimlarining bu boradagi xabardorligini oshirish lozimligini ta’kidlashgan.
Uy-joy ijarasi (53%), tibbiy va ta’lim xizmatlariga teng kirish (31%), raqamli infratuzilmani rivojlantirish (36% mutaxassislar va 21% kompaniyalar) ham muhim yo‘nalish sifatida tilga olingan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ