Raqobat qo‘mitasi 2025-yil I choragida qurilish sohasida 1,9 mlrd so‘mni iste’molchilarga qaytardi
Murojaatlarning 107 tasi qurilish va ta’mirlash sifati, 63 tasi ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun undirilgan to‘lovlar oid bo‘lgan

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2025-yilning I choragida iste’molchilarga qurilish sohasida 1,9 mlrd so‘m qaytarilishini ta’minlandi. Bu haqda Qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qilmoqda.
Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalariga 2025-yilning yanvar-mart oylarida fuqarolardan qurilish sohasiga oid 355 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan.
Asosiy shikoyatlar qurilish va ta’mirlash ishlari sifatining qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun asossiz to‘lovlar undirilishi, kommunal xizmat ko‘rsatishdagi turli muammolar bilan bog’liq.
Murojaatlarning 107 tasi qurilish va ta’mirlash ishlari sifatiga, 63 tasi amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun fuqarolardan to‘lov undirilishiga, 180 tasi kommunal soha bilan bog‘liq boshqa huquqbuzarliklarga oid bo‘lgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha iste’molchilar huquqlarini himoya qilish choralari ko‘rildi, natijada fuqarolarga 1,9 mlrd so‘m qaytarildi.
Jumladan, fuqaro A.B. Toshkent shahar Yashnobod tumani Jarqo‘rg‘on ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli uydan xonadon sotib olganini ma’lum qilgan. Obyekt uchun u 387 mln so‘m miqdorida mablag‘ kiritgan. Biroq to‘lov amalga oshirilganiga bir yildan oshgan bo‘lsa-da, qurilish ishlari boshlanmagan. Kechikishdan norozi bo‘lgan A.B. shartnomani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi va 2025-yil 24-fevralda tegishli bitimni imzoladi. Shunga qaramay, quruvchi turli sabablarga ko‘ra unga to‘langan pulni qaytarmagan.
Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda qurilish tashkiloti tomonidan tuzilgan shartnoma shartlari buzilgani, ya’ni loyiha o‘zgartirilib, ish boshlanmagani, mablag‘lar fuqaroga 2025-yil 17-martgacha qaytarilmagani aniqlangan. Qo‘mita aralashuvi natijasida 387 mln so‘m mablag‘lar murojaatchiga to‘liq qaytarilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ