O‘zbekistonda aholining umumiy qarz yuki 33% ni tashkil etmoqda — Markaziy bank

Qariyb 70% respondentlar keyingi 6 oyda kredit olishni rejalashtirmaganiga qaramay kreditga ehtiyoj to‘liq yo‘qolmagan

O‘zbekistonda aholining umumiy qarz yuki 33% ni tashkil etmoqda — Markaziy bank

Markaziy bank e’lon qilgan Iste’mol kayfiyati sharhi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki chorakda kredit subindeksida pasayish kuzatilmoqda. Joriy yilning III choragida kredit subindeksi avvalgi chorakka nisbatan 3,3 bandga kamayib, 63,1 bandni tashkil etdi. Bu holat aholining kredit olishga bo‘lgan ehtiyojida nisbiy susayish borligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, kelgusi 12 oyda kredit olishni rejalashtirayotganlar ulushi ham biroz kamaygani qayd etildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2025-yilning I yarmi holatida aholining umumiy qarz yuki 33% ni tashkil etgan. Shu bilan birga, qarzdorlarning 61% i qarzni qaytarishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotganini bildirgan. So‘rov ishtirokchilarining 68% i esa keyingi 6 oyda kredit olishni rejalashtirmagan.

Daromad guruhlari kesimida tahlil qilinganda, 5–7 mln so‘m daromadga ega aholida kredit olishni rejalashtirayotganlar ulushi biroz oshgani kuzatilgan. Biroq qolgan barcha daromad toifalarida bu ko‘rsatkich pasaygan. Ayni paytda, oylik daromadi 15–20 mln so‘m va 20 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan respondentlar kelgusida kreditga bo‘lgan talabning yanada kamayishini kutishlarini bildirgan.

Shunga qaramay, kreditga ehtiyoj to‘liq yo‘qolmagan. Aholining asosiy qismi kredit mablag‘larini uy-joy ta’miri, ta’lim olish, davolanish, to‘y marosimlarini o‘tkazish hamda avtomobil xaridi kabi maqsadlarga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Ayrim respondentlar esa maishiy texnika xaridi va sayohat xarajatlarini qoplash uchun kredit olish niyatini bildirgan.

Bundan tashqari, jamg‘arish subindeksi bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi. Joriy yilning III choragida jamg‘arish kayfiyati subindeksi o‘tgan chorakka nisbatan 0,7 bandga yaxshilanib, 68,9 bandni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan ham 1 bandga yuqori bo‘lib, aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Jamgʻarishga boʻlgan moyillik oshmoqda

Jamg‘armalari oshishini kutayotgan respondentlar ulushi yuqori darajada shakllanib kelmoqda. 2022-yilning III choragidan 2025-yilning III choragigacha bo‘lgan davrda aholining jamg‘armalari yetarliligi bo‘yicha kutilmalar barqaror saqlanib qolgan. Shu davrda jamg‘armaga ega bo‘lmaganlar ulushi 41% dan 38% gacha kamaygan. 1 oygacha yetarli jamg‘armasi borlar ulushi esa barqaror bo‘lib, oxirgi chorakda 32% ni tashkil etgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonlik shaxmatchilar 2025-yil yakunlariga ko‘ra eng ko‘p daromad topgan TOP-10 talikka kirdi
/
O‘zbekistonlik shaxmatchilar 2025-yil yakunlariga ko‘ra eng ko‘p daromad topgan TOP-10 talikka kirdi
Markaziy bank to‘lov tashkilotlari uchun kiberxavfsizlik talablari kuchaytirilganini ma’lum qildi
/
Markaziy bank to‘lov tashkilotlari uchun kiberxavfsizlik talablari kuchaytirilganini ma’lum qildi
2025-yilda O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi $43,1 mlrdga yetdi
/
2025-yilda O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi $43,1 mlrdga yetdi