ISSV Sea Breeze Uzbekistan loyihasini amalga oshirish shartlarini tushuntirdi
Investorga ijara haqi kamaytirildi, biroq infratuzilmani rivojlantirish uchun $240 mln to‘lov ko‘zda tutilgan

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Sea Breeze Uzbekistan loyihasining asosiy jihatlarini oddiy tilda va xalqaro tajribadan misollar keltirib tushuntirib berdi.
Chorvoq sohilida amalga oshirilayotgan loyiha jamiyatda qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Fuqarolar atrof-muhitga zarar yetishi, jamoat manfaatlariga putur yetkazilishi va byudjetga ortiqcha yuk tushishi mumkinligidan xavotirda.
Nima uchun aynan Sea Breeze tanlandi
Chorvoq O‘zbekistonning asosiy sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Hududni to‘laqonli rivojlantirish uchun ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini yuqori sifatda barpo eta oladigan yirik va ishonchli investor zarur edi.
Agalarov Development kompaniyasi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda kurort qurilishiga $5 mlrd sarmoya kiritishni taklif etdi: maktablar, shifoxonalar, kanalizatsiya tizimi, istirohat bog‘lari qurish va ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan. Loyiha bosqichma-bosqich, davlat nazorati ostida, ekologik talablarga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
Loyiha nima uchun bitta quruvchiga topshirilgan
Yagona ishlab chiqaruvchi konsepsiyasi yaxlit arxitektura, yagona muhandislik kommunikatsiyalari tizimi va markazlashgan boshqaruvni ta’minlaydi. Agar yer bir nechta kompaniya o‘rtasida taqsimlanganda edi, bu kelishmovchiliklar, tartibsizlik va sifatning pasayishiga olib kelishi mumkin edi. Shunday model, masalan, Saudiya Arabistonida qo‘llaniladi – u yerda butun Qizil dengiz loyihasi tabiiy muhitni saqlash va boshqaruvchanlikni ta’minlash uchun bitta operator tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyiha qanday moliyalashtiriladi
Barcha xarajatlar xususiy investor tomonidan qoplanadi — davlat budjeti ishtirok etmaydi. Moliyalashtirish o‘z mablag‘lari va tijorat kreditlari hisobiga amalga oshiriladi. Davlat qarzi ortmaydi. Shu bilan birga, davlat barcha bosqichlarda qat’iy nazoratni saqlab qoladi: me’yorlarga rioya qilishdan tortib, xarajatlar shaffofligi va ijtimoiy samaradorlikkacha. Shunga o‘xshash yondashuvga misol: Gretsiyadagi Sani kurort majmuasi, to‘liq xususiy sarmoyalar hisobiga qurilgan.
Investorning tegishli tajribasi bormi
Ha. Kompaniya allaqachon Ozarbayjonda “Sea Breeze” nomli yirik loyihani, shuningdek, Rossiyada bir qancha qurilish loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Xuddi Kerzner International kompaniyasi Dubayda “Atlantis” loyihasini yaratib, keyinchalik bu modelni Xitoyda kengaytirganidek, bu yerda ham to‘plangan tajribadan foydalanilmoqda.
Ijara haqi nima uchun bu qadar past — 17 mlrd so‘m
Past ijara stavkasi investitsiya rag‘batlantirishining bir qismidir. Buning evaziga investor $240 mlnlik infratuzilma to‘lovini to‘lash majburiyatini oladi, bu esa yerning bozor qiymatidan ham yuqori. Ushbu mablag‘lar kanalizatsiya, yo‘llar, ko‘priklar va tozalash inshootlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. 100 million dollardan ortiq mablag‘ hududni modernizatsiya qilish uchun qoladi. Bunday amaliyot bir qator mamlakatlarda qo‘llaniladi, masalan, Meksika va Vetnamda yirik loyihalarga dastlabki yillarda imtiyozli ijara beriladi.
Uchastkalarni qayta sotishga ruxsat beriladimi
Yo‘q. Yer davlat mulki bo‘lib qolaveradi. Faqat tasdiqlangan konsepsiya doirasidagi inshootlar (masalan, xalqaro brendga ega mehmonxonalar) qurilishi uchun ikkilamchi ijaraga berish mumkin. Shartnoma shartlari buzilgan taqdirda, shartnoma bekor qilinadi va uchastka davlatga qaytariladi. Bunday mexanizm, xususan, BAAdagi Saadiyat orolida amal qiladi.
Loyiha hujjatlari to‘liq tayyorlanmasdan qurilish nima uchun boshlangan
Qonun istisno hollarda bunga yo‘l qo‘yadi. Ushbu holatda qaror hukumat tomonidan kuchaytirilgan nazorat o‘rnatilgan holda qabul qilindi: jarayonni Bosh prokuratura kuzatib bormoqda, bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida idoralararo komissiya tuzildi. Xuddi shunday yondashuv Singapurdagi Marina Bay Sands loyihasida qo‘llanilgan bo‘lib, u yerda hujjatlar amalga oshirish jarayonida, biroq qat’iy nazorat ostida takomillashtirilgan.
Ekologiya masalasi qanday hal qilinmoqda
Oqova suvlarni Chorvoqqa oqizish qat’iyan man etilgan. Investor o‘z mablag‘i hisobidan Chirchiq shahridagi tozalash inshootlariga ulanadigan aylanma kanalizatsiya tizimini qurmoqda.
Bu butun mintaqaning infratuzilma bilan ta’minlanishini oshiradi. Shuningdek, daraxt ekish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va barcha bosqichlarda ekologik nazoratni amalga oshirish rejalashtirilgan. Albaniyada shunga o‘xshash loyiha hatto ekologik vaziyatni yaxshilashga hissa qo‘shdi.
Yo‘llar va kommunikatsiyalarni davlat nima uchun quradi
Umumiy foydalanish obyektlari (ko‘priklar, yo‘llar, muhandislik tarmoqlari) an’anaviy ravishda byudjetdan moliyalashtiriladi, chunki ular nafaqat sayyohlarga, balki mahalliy aholiga ham xizmat qiladi. Biroq investor ushbu xarajatlarni $240 mln miqdoridagi infratuzilma yig‘imini to‘lash orqali qoplaydi.
Bunday tizim allaqachon bir qator xalqaro loyihalarda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan. Masalan, Dubai Expo ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ko‘rish va Saudiya Arabistonidagi keng ko‘lamli NEOM loyihasi doirasida davlat magistral infratuzilmani qurishni o‘z zimmasiga oldi, xususiy kompaniyalar esa obyektlar va xizmatlarga sarmoya kiritdi. Bunday yondashuv byudjetga yuklama tushirmasdan katta miqdordagi investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
Aholi nima oladi
- mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari;
- ta’lim va tibbiyot muassasalari;
- zamonaviy yo‘llar va muhandislik kommunikatsiyalari;
- turistlar oqimi va valyuta tushumlari;
- soliq ajratmalari va byudjetga tushumlarning o‘sishi;
- hududni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish va zamonaviy kanalizatsiya tizimini qurish, ayniqsa, Chorvoq uchun dolzarbdir.
Xulosa
Sea Breeze Uzbekistan loyihasi:
- xususiy investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi va budjetdan moliyalashtirishni talab qilmaydi;
- Toshkent viloyati uchun yangi o‘sish va rivojlanish nuqtasini shakllantiradi;
- xalqaro standartlar qo‘llanilgan holda va davlat nazorati ostida quriladi;
- ekologik talablarga va shaharsozlik normalariga rioya qiladi.
Ushbu loyiha Chorvoqni dunyoning yetakchi kurortlari kabi dam olish, ishlash va qulay shahar muhitini o‘zida mujassam etgan zamonaviy, yil bo‘yi faoliyat yurituvchi sayyohlik markaziga aylantirish imkonini beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ