O‘zbekistonda 2030-yilgacha issiqlik subsidiyalari bekor qilinadi – “Issiqlikta’minoti” rahbari
Buning uchun esa yiliga ikki marta tariflarni qayta ko‘rib chiqishimiz lozimligi aytilmoqda
O‘zbekistonda 2030-yilgacha isitish va issiq suv uchun subsidiyalardan butunlay voz kechiladi. Bu haqda 8-iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Issiqlikta’minoti” boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev ma’lum qildi.
To‘rayevning ta’kidlashicha, Toshkent shahri va viloyatlarda issiq suv hamda issiqlik ta’minoti uchun aholiga pasaytirilgan tariflar qo‘llaniladi. Amaldagi narx va bozor qiymati o‘rtasidagi farq budjet subsidiyalari hisobidan qoplanadi.
Sohani rivojlantirish uchun biz [issiqlik ta’minoti] subsidiyalardan ozod bo‘lishimiz kerak. Lekin buni bir vaqtning o‘zida amalga oshirib bo‘lmaydi, aholiga ham og‘irligi tushadi. 2030-yilgacha bosqichma-bosqich subsidiyalashdan voz kechamiz. Buning uchun esa yiliga ikki marta [tariflarni qayta] ko‘rib chiqishimiz lozim. Buni bir marta oshirish ham mumkin, lekin subsidiya foizi aholiga og‘irlik tushiradi, — dedi “Issiqlikta’minoti” raisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflarini yiliga bir marotaba oshirish budjet tashkilotlariga ta’sir qilmasligi mumkin. “Lekin subsidiya foizlari fuqarolar uchun yuklamani oshiradi. Buning oldini olish uchun tariflar yiliga bir yoki ikki marta qayta ko‘rib chiqiladi hamda subsidiyalar miqdori bosqichma-bosqich qisqartirib boriladi”, — deya qo‘shimcha qildi Ilhom To‘rayev.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ