O‘zbekistonda islomiy bank xizmatlari to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
Hujjat yangi moliyaviy xizmatlar uchun litsenziyalash va soliq tartiblarini belgilaydi
Фото: Getty Images
O‘zbekistonda shariat tamoyillariga asoslangan moliyaviy xizmatlarni tartibga soluvchi qonun qabul qilindi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hujjat xorijiy ekspertlar ishtirokida, xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, Soliq va Fuqarolik kodekslariga hamda yana bir qator qonunlarga o‘zgartirishlar kiritiladi. Qonunchilikka “islomiy moliyaviy operatsiyalar”, “investitsion omonat” va “islomiy moliyaviy standartlar” kabi tushunchalar rasman kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, ushbu sohada faoliyat yuritish uchun kompaniyalar muddatsiz davlat litsenziyasini olishi kerak. Ushbu litsenziyani boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
Islomiy banklarga savdo faoliyati bilan bevosita shug‘ullanish va boshqa kompaniyalarda ulush sotib olish huquqi beriladi. Shu bilan birga, Markaziy bank hamda tijorat tashkilotlari huzurida maxsus kengashlar tashkil etilib, operatsiyalarning shariat talablariga muvofiqligi nazorat qilinadi.
Qonunga muvofiq, quyidagi asosiy moliyaviy operatsiyalar joriy etiladi:
- foydani taqsimlash asosida moliyalashtirish (muzoraba)
- agentlik asosida xizmat ko‘rsatish (vakala)
- tovarni bo‘lib-bo‘lib sotish (murabaha)
- oldindan to‘lov asosida moliyalashtirish (salam)
- biznesda sheriklik (musharaka)
- mulkni ijaraga berish va keyinchalik sotib olish (ijara)
Mazkur qonunning asosiy qoidalari 2026-yil 28-iyundan kuchga kiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ