Iroq “Lukoyl” ga tegishli “G‘arbiy Qurna–2” neft konini milliylashtirishni ma’qulladi

Basra Oil konni 12 oy boshqaradi, “Lukoyl” ulushi bo‘yicha potensial xaridorlar izlanadi

Iroq “Lukoyl” ga tegishli “G‘arbiy Qurna–2” neft konini milliylashtirishni ma’qulladi

Iroq hukumati mamlakatdagi “G‘arbiy Qurna–2” neft konini milliylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Konning 75% ulushi Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasiga tegishli. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, davlatga qarashli Basra Oil kompaniyasi konni 12 oy muddatga boshqarishni o‘z zimmasiga oladi. Shu davr mobaynida “Lukoyl” ulushiga potensial xaridorlar izlanadi.

Basra Oil vakillarining tushuntirishicha, AQSH sanksiyalari bilan bog‘liq noaniqliklar sharoitida Iroq tomoni neft qazib olishning uzluksizligini ta’minlashni maqsad qilgan. Shu sababli operatorlik vaqtincha davlat kompaniyasiga o‘tkazilmoqda.

“G‘arbiy Qurna–2” dunyodagi eng yirik neft konlaridan biri hisoblanadi. U jahon neft ta’minotining taxminan 0,5%ini va Iroqdagi umumiy neft qazib olish hajmining 9%ini ta’minlaydi. Noyabr oyida Iroq rasmiylari AQSH sanksiyalari sababli “Lukoyl”ga pul va neft shaklidagi to‘lovlarni to‘xtatgan, natijada konda fors-major holati e’lon qilingan.

Qayd etilishicha, AQSH oktyabr oyining oxirida “Lukoyl” va “Rosneft”ga nisbatan sanksiyalar joriy etib, ularga 17-yanvargacha Rossiyadan tashqaridagi aktivlardan chiqish muddati belgilagan. Hozirda “Lukoyl”ning Iroqdagi neftdan olinadigan daromadlari banklar tomonidan muzlatilgan, kompaniyaga ajratilgan 4 mln barrel neft shaklidagi to‘lovlar ham bekor qilingan.

“Lukoyl” “G‘arbiy Qurna–2” konini o‘zlashtirish huquqini 2009-yilda, tijoriy qazib olishni esa 2014-yilda boshlagan. Operatorlik Basra Oil qo‘liga o‘tgach, kompaniya ish haqlarini to‘lash, pudratchilar faoliyatini moliyalashtirish hamda operatsion xarajatlarni qoplashni o‘z zimmasiga oladi.

Iroqlik neft menejerlarining ma’lumotiga ko‘ra, neft qazib olish hajmi kuniga 465 ming barreldan 480 ming barrelgacha bo‘lgan darajada barqaror saqlanib qoladi. Shu bilan birga, “Lukoyl” aktivlarini sotib olishga bir qator neft va investitsiya kompaniyalari qiziqish bildirmoqda.

So‘nggi takliflardan biriga ko‘ra, Chevron va Quantum Capital Group investitsiya jamg‘armasi “Lukoyl”ning xorijdagi barcha aktivlari portfelini, jumladan, qazib olish loyihalari, neftni qayta ishlash zavodlari, yoqilg‘i omborlari hamda Yevropa, Osiyo, AQSH va Yaqin Sharqda joylashgan 2 mingdan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalarini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank: 2025-yilda O‘zbekistonda 37 ta mikromoliya tashkiloti va bitta bank ish boshladi
/
Markaziy bank: 2025-yilda O‘zbekistonda 37 ta mikromoliya tashkiloti va bitta bank ish boshladi
Birjada propan narxi 8 kunda 15%ga oshdi
/
Birjada propan narxi 8 kunda 15%ga oshdi
O‘zbekistonda ayrim bojxona postlarida tajriba tariqasida ish tartibi o‘zgartiriladi
/
O‘zbekistonda ayrim bojxona postlarida tajriba tariqasida ish tartibi o‘zgartiriladi