Toshkentda ipoteka subsidiyalari miqdorini oshirish taklif qilindi
Qayd etilishicha, poytaxtda narxlar yuqori va subsidiya miqdori aholi ehtiyojini to‘liq qoplamaydi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
23-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari shahar kengashining navbatdagi yig‘ilishida Toshkent shahrida ipoteka kreditlari uchun subsidiya miqdorini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Xaydarovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi tartib aholining ehtiyojini to‘liq qoplamayotgani sababli bu borada tegishli takliflar tayyorlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 1-sentabr holatiga kelib subsidiya dasturi doirasida 15 978 fuqaro ariza topshirgan, shundan 2 479 tasi ma’qullangan. Natijada 388 nafar fuqaro umumiy hisobda 11,64 mlrd so‘m subsidiya olgan.
Xaydarovning ta’kidlashicha, 2016-yilgacha Toshkentda yiliga 2,5−3 mingta xonadon foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu ko‘rsatkich 12−13 minggacha yetgan, joriy yilda esa 20 ming xonadon qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, u dasturda belgilangan imtiyozlar poytaxtdagi uy-joy narxlari balandligi sababli yetarli emasligini qayd etdi. Chunki Toshkent shahrida subsidiya faqat 440 mln so‘mgacha bo‘lgan kredit va 30 mln so‘mlik boshlang‘ich to‘lovni qoplaydi, holbuki uylarning narxi 550−700 mln so‘m atrofida bo‘lgani uchun ularni xarid qilish imkoniyati cheklangan.
Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, xorijiy tajribada, xususan Singapurda, poytaxt hududlarida subsidiya miqdori yuqoriroq belgilanadi va qo‘shimcha uy-joy ta’minoti mexanizmlari qo‘llanadi. Shu asosda Toshkent shahar hokimligi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga subsidiya miqdorini oshirish bo‘yicha taklif kiritmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ