Markazlashgan boshqaruv va global ambitsiyalar: B.A. Holding rejalari
Tadbirkor Tojimirzayeva Go‘zal Baxodirovna — xoldingga transformatsiya, kadrlar tanqisligi, yangi yo‘nalishlar va xalqaro bozorga chiqish strategiyasi haqida
So‘nggi yillarda B.A. Holding tarqoq kompaniyalar tizimidan yagona boshqaruv va diversifikatsiya strategiyasiga ega markazlashgan tuzilma darajasiga ko‘tarildi. Tojimirzayeva Go‘zal Baxodirovna Kapital.uz’ga bergan intervyusida mulkdorlik va menejment boshqaruvi o‘rtasidagi farqlar, oziq-ovqat yo‘nalishiga e’tibor, kadrlar muammosi hamda biznesni bir necha barobarga kengaytirish rejalari haqida so‘zlab berdi.
O‘zbekistonda biznes muhiti qanday o‘zgardi
Go‘zal Baxodirovnaning aytishicha, so‘nggi yillarda, ayniqsa 2016-yilda boshlangan islohotlardan keyin O‘zbekistonda biznes muhiti sezilarli darajada o‘zgargan. Uning ta’kidlashicha, iqtisodiyotning ochiqligi va xususiy sektor uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar tufayli tadbirkorlar biznesini faolroq kengaytira boshlagan, ko‘plab kompaniyalar bir necha barobar o‘sgan. Shu bilan birga, biznes rivoji uchun ko‘proq erkinlik va qo‘llab-quvvatlash paydo bo‘lishi kompaniyalarga investitsiya kiritish va tashqi bozorlarga chiqishda yanada faol bo‘lish imkonini bergan.
Bundan tashqari, avvallari biznesda ayollar rahbarlarga shubha bilan qaralgan bo‘lsa, bugungi kunda ular barcha darajalarda tan olinmoqda.
U muzokaralar olib borish va, asosan, erkaklardan iborat jamoalarni boshqarish yo‘lida otasining ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi hal qiluvchi rol o‘ynaganini ta’kidlaydi. Aynan shu ishonch unga dastlabki yillardagi qiyinchiliklar va xatolarni yengib o‘tishga yordam bergan. Uning fikricha, o‘tgan yillar davomida nafaqat u, balki ko‘plab boshqa ayollar ham o‘z salohiyatini amalda isbotlab, 2020-yillar boshiga kelib jamiyatdagi qarashlarning o‘zgarishiga hissa qo‘shgan.
Uning qayd etishicha, bugungi kunda xoldingda boshqaruv tizimi aniq tashkiliy tuzilma asosida yo‘lga qo‘yilgan: mulkdorlar va menejment vakolatlari qat’iy ajratilgan. Biroq mulkdorning asosiy farqi — qarorlarni tez qabul qilishi va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorligidir.
Mulkdor qarorni tezroq qabul qiladi va javobgarlikni osonroq o‘z zimmasiga oladi. Bu tabiiy — uning jarayonga jalb etilish darajasi boshqacha, — deydi Tojimirzayeva.
Taxminan besh yil avval kompaniya an’anaviy tadbirkorlik modelidan xolding shakliga o‘tdi. Avvallari har bir tuzilma mustaqil faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2018–2019-yillardan boshlab jarayonlar markazlashtirildi. Bugungi kunda moliyaviy hisobdan tortib, kadrlar tanlashgacha yagona reglamentlar amal qiladi. Istisnolar faqat loyiha xususiyatidan kelib chiqibgina qo‘llaniladi.
Kengayish va yangi yo‘nalishlarga e’tibor
Hozirgi vaqtda strategik ustuvor yo‘nalish — mavjud bizneslarni rivojlantirish va bozordagi ulushni mustahkamlash hisoblanadi. Shu bilan birga, xolding yangi segmentlarni, jumladan, oziq-ovqat sohasini ham tahlil qilmoqda.
Bozorni chuqur o‘rganib, loyihani ishga tushirish uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bu biz uchun yangi yo‘nalish bo‘ladi, — deydi Go‘zal Baxodirovna.
Tojimirzayeva diversifikatsiya boshidanoq strategiyaning muhim qismi hisoblanganini qayd etdi. Chunki, turli segmentlarda faoliyat yuritish tez o‘zgarayotgan iqtisodiy sharoitda xatarlarni kamaytirishga yordam beradi. Avvallari asosiy e’tibor yangi o‘sish nuqtalarini izlashga qaratilgan bo‘lsa, bugun ustuvorlik — xatarlarni minimallashtirish va barqarorlikni kuchaytirishdir.

Kadrlar masalasi va o‘sish to‘siqlari
Tadbirkor O‘zbekistonda biznes uchun eng dolzarb muammolardan biri sifatida malakali kadrlar yetishmovchiligi saqlanib qolayotganini, ko‘pincha ish haqi bo‘yicha kutilmalar yuqori bo‘lsa-da, mutaxassislarning tayyorgarlik darajasi bu talabga har doim ham mos kelmasligini qayd etadi.
Bozorda haqiqatan ham talabga javob beradigan mutaxassislar ko‘p emas, biroq daromad bo‘yicha kutilmalar umumiy bozor darajasidan kelib chiqib shakllanmoqda, — deya ta’kidlaydi Tojimirzayeva.
Shuningdek, xususiy xoldinglar rivoji uchun jiddiy tizimli to‘siqlar mavjud emas. Asosiy vazifa — eksport salohiyatiga ega mahsulotlar yaratishdir.
Kam e’tibor berilayotgan sohalar va imkoniyatlar
Tojimirzayeva O‘zbekistonda hali ham yetarlicha baholanmayotgan yo‘nalishlar juda ko‘pligini alohida qayd etdi. Ayniqsa kichik va o‘rta biznes hamda xizmatlar sohasida, hatto onlayn savdoda ham ko‘pincha oddiy servislar yetishmaydi. Masalan, mijozlarga o‘z vaqtida batafsil javob berish, aniq muddatlar va sifatli yetkazib berish masalalari sust. Shu jihatlarni kuchaytirish tadbirkorlarga jiddiy raqobat ustunligini berishi mumkin.
Uning fikricha, shunga o‘xshash holatni avtoservis sohasida ham ko‘rish mumkin: masalan, avtomobilni bron-plenka bilan qoplash ba’zan besh kungacha vaqt oladi, Xitoyda esa bunday ishlar uzog‘i bilan bir kunda bajariladi. Agar xizmat tezligi oshirilsa va servis sifati yaxshilansa, bunday yo‘nalishlar ko‘proq mijozlarga xizmat ko‘rsatib, yanada samaraliroq ishlashi mumkin.
Moliyalashtirish, xatarlar va strategiya
Xolding o‘sish uchun tashqi moliyalashtirishdan faol foydalanadi.
Busiz kengayish sekin bo‘ladi, — deya ta’kidlaydi Tojimirzayeva.
So‘nggi yillarda xatarlar tuzilmasi murakkablashdi: valyuta, regulyator, qarz va tarmoq xatarlari kuchaydi. Bunday sharoitda nafaqat bozorga kirish, balki barqaror boshqaruv modelini shakllantirish ham muhim.
Boshqaruv uslubi haqida gapirar ekan, Go‘zal Baxodirovna ko‘p jihat shaxsiyatga bog‘liqligini aytadi — bu asoschi bo‘ladimi yoki ikkinchi avlod vakilimi, farqi yo‘q. Uning ta’kidlashicha, B.A. Holdingda prinsipial farqlar yo‘q, biroq yosh avlod yangi g‘oyalar va xatarlarni yanada ehtiyotkor baholash yondashuvini olib kiradi.
10 yillik istiqbol
Uzoq muddatli istiqbolda B.A. Holding biznes ko‘lamini kamida 4–5 barobarga oshirish va xalqaro bozorga chiqishni rejalashtirmoqda. Hozirda guruh kompaniyalarida qariyb 4 ming nafar xodim ishlaydi va kengayish bilan ularning soni ortishi kutilmoqda.
Strategik ustuvor yo‘nalishlar qatorida IPO’ga chiqish ham mavjud.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ