Apple $2000 qiymatidagi buklanadigan iPhone Duo’ni taqdim etdi
Kompaniyaning ilk buklanadigan smartfoni ikkita batareya, ekran ostidagi kamera va yangi C2 modem bilan jihozlangan
Apple kompaniyasi o‘zining ilk buklanadigan smartfoni — iPhone Duo’ni taqdim etdi. “Kitob” shaklida buklanadigan qurilma kompaniyaning yoyilgan holatdagi eng yupqa smartfoni bo‘ldi.
Buklanish mexanizmi qurilmani turli burchaklarda mahkamlash imkonini beradi. Shu sababli smartfonni qo‘shimcha taglikdan foydalanmasdan turli holatlarda o‘rnatish mumkin.
iPhone Duo ikkita displey bilan jihozlangan: ichki ekran diagonali 7,5 dyuym, tashqi ekran esa 5,4 dyuymni tashkil etadi. Har ikkala ekran uchun ham old kamera mavjud bo‘lib, ichki displeydagi kamera ekran ostiga joylashtirilgan.
Qurilmaning dasturiy ta’minotida iOS va iPadOS elementlari birlashtirilgan. Interfeys smartfon buklanganda yoki yoyilganda moslashadi, tashqi ekrandagi boshqaruv elementlari esa uning o‘lchami va shakliga mos ravishda joylashtirilgan.
iPhone Duo ramkasi titan qotishmasidan tayyorlangan. Biometrik autentifikatsiya uchun Face ID texnologiyasidan foydalaniladi.
Smartfon ikkita batareya bilan ta’minlangan. Video tomosha qilish vaqti tashqi ekrandan foydalanganda 44 soatgacha, ichki ekranda esa 31 soatgacha yetadi. Qurilmaning avtonom ishlashiga energiya tejamkor yangi C2 modemi ham xizmat qiladi.
iPhone Duo kameralar tizimi iPhone 18 Pro’da o‘rnatilgan tizimga yaqin, biroq unda o‘zgaruvchan diafragma mavjud emas. Asosiy kamera 48 MP va f/1.6 diafragmaga, ultra keng burchakli kamera esa 48 MP va f/2.2 diafragmaga ega.
iPhone Duo’ning narxi $2000ni tashkil etadi. Qurilmaga oldindan buyurtmalar 16-oktabrdan boshlanadi, do‘konlardagi savdolar esa 23-oktabrda yo‘lga qo‘yiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ