“Investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida texnikumlarda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi
Hamkor korxonalarga 5 mlrd so‘mgacha kredit va soliq imtiyozlari beriladI

Фото: Пресс-служба Президента
Kapital.uz avval xabar berganidek, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi.
Qayd etilishicha, bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning eng ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilinishi belgilandi.
Kasbiy ko‘nikmasi bor istalgan talabgor ushbu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihondan o‘tib, xalqaro sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.
Joriy o‘quv yilidan Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITEK” xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.
Kelasi yili sanoatda qariyb $45 mlrdlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. “Investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida texnikumlarda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Korxonalar bilan aniq loyihalari bo‘lgan texnikumlar o‘rtasida zamonaviy ustaxonalarni barpo qilish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.
Hamkor korxonalarni rag‘batlantirish maqsadida ularga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilib, dual ta’lim orqali ishlayotgan o‘quvchilar bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lov ikki barobar qisqartiriladi.
Bundan tashqari, texnikumlardagi xorijiy tillar uchun ajratilgan soatlar 4 karra ko‘paytiriladi. Kelgusi yildan yangi raqamli platforma ishga tushiriladi. Unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy ko‘nikmalari haqidagi barcha ma’lumotlar nafaqat o‘zimizning, balki xorijiy ish beruvchilar uchun ham ochiq-oshkora bo‘ladi.
Prezident qaroriga muvofiq, maktablarda maslahatchi lavozimi joriy etilmoqda. Ular 7-sinfdan o‘quvchilarning fan va kasbiy qiziqishini o‘rganib, 9-sinfdan keyin texnikumga yo‘naltiradi. Texnikumga o‘tgan yoshlar 10-sinfga qaytib o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Maktabni bitirib oliygohga kira olmagan 200 ming yosh esa texnikumlarda 3–6 oylik qisqa dasturlarda kasbga o‘qitiladi.
Prezident ta’kidlaganidek, maqsad — har bir yoshni kasb-hunar orqali daromadli qilish va oilalar farovonligini ta’minlash.
Texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30%i, xalqaro sertifikatga esa 50%i miqdorida ustama to‘lanadi.
Shu bilan birga, texnikum direktori va o‘rinbosarlariga maktabdagi hamkasblaridan kam bo‘lmagan oylik qilib beriladi. Agar ular “Direktorlar maktabi”da menejerlik sertifikatini olsa, yana qo‘shimcha 20% ustama to‘lanadi.
Endilikda texnikumlarda ham oliygohlardagi kabi ilmiy daraja va unvonlar uchun ustamalar to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Har yili 500 nafar muallim ilg‘or xorijiy ta’lim tashkilotlariga, yana 500 nafar ustalar esa chet eldagi yirik korxonalarga stajirovkaga yuboriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ