O‘zbekistonda biznesga oson investitsiya kiritish uchun platforma yaratiladi
2026-yildan yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar 1% soliq to‘lashga o‘tkaziladi

Фото: Пресс-служба Президента
Endilikda loyihaga soddalashgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar investitsiya kiritayotgan shaxsni ta’sischi qilib olishga majbur. Lekin, bunga hamma ham rozi bo‘lmaydi. Shu bois resurs bo‘yicha asosiy yuklama haligacha banklarga tushayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yangi tizim joriy qilinsa, barcha korxonalar o‘zining loyihasini bu platformaga joylashtiradi, potensial investorlar esa istalgan loyihani tanlab, sarmoya kiritishi mumkin bo‘ladi.
Eng muhimi, investor ta’sischi emas, ulushdor sifatida daromadga sherik bo‘ladi, kiritgan mablag‘i kafolatli himoyalanadi.
Tadbirkorlar ushbu yangi tizim orqali yiliga qo‘shimcha $1 mlrd mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkorlarga ko‘mak berib, ularni 50-100 nafar odam ishlaydigan baquvvat korxonalar sohibiga aylantirish maqsadida YATT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etildi.
Endi bunday tadbirkorlar uchun ro‘yxatdan o‘tishdan tortib hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni jamlagan raqamli platformalar yaratiladi. Bunda tadbirkorlar kerakli hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolashi mumkin. Ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh to‘lash imkoniyati yaratiladi.
1-noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi.
Yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar kelasi yil 1-yanvardan bir xil, ya’ni aylanmadan 1% soliq to‘lashga o‘tkaziladi.
Masalan, hozir aylanmasi 100 mln so‘mgacha bo‘lgan yakka tadbirkor yillik 12 mln so‘mgacha qat’iy soliq o‘rniga ko‘pi bilan 1 mln so‘m to‘laydi. Yoki aylanmasi 100 mlndan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan tadbirkor aylanmadan ilgari 30-40 mln so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, endi uning soliq yuki 3-4 karra kamayadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ