O‘zbekistonda mobil operatorlarga internetsiz tariflar joriy etish majburiy bo‘lishi mumkin
Faqat qo‘ng‘iroq va SMSdan iborat tariflar aholining turli qatlamlari uchun taklif etiladi
O‘zbekistonda mobil aloqa operatorlarini faqat daqiqa va SMSlardan iborat, internet trafikini o‘z ichiga olmaydigan tarif rejalarini joriy etishga majbur qilish taklif etilmoqda. Bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasi Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, operatorlar uchun litsenziya talablariga o‘zgartirishlar kiritilib, aholining turli ijtimoiy qatlamlari uchun qulay, internetsiz tariflar mavjudligi majburiy shartlardan biri sifatida belgilanishi mumkin.
Shuningdek, iste’molchilarni chalg‘itmaslik maqsadida tarif nomlarini abonent to‘lovi miqdori yoki xizmat tarkibiga bog‘lab belgilash taqiqlanishi rejalashtirilmoqda. Amaliyotda operatorlar tarifni ma’lum narx bilan nomlab, keyinchalik uning qiymatini oshirayotgani abonentlar uchun qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.
Misol tariqasida, Mobiuz operatorining “Jozibali 35” tarifi 2023-yilda 35 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yil fevraliga kelib 45 ming so‘mga oshirilgan. “Jozibali 50” tarifi ham 50 ming so‘mdan 55 ming so‘mga ko‘tarilgan.
Bundan tashqari, aksariyat tariflarda internet majburiy tarzda kiritilgani sababli, faqat qo‘ng‘iroq va SMSdan foydalanadigan ayrim foydalanuvchilar — keksalar, maktab o‘quvchilari va internetga ehtiyoji bo‘lmagan shaxslar uchun ortiqcha xarajatlar yuzaga kelmoqda.
Hozirda ayrim operatorlarda konstruktor tariflar mavjud bo‘lsa-da, ularda ham internet paketi majburiy element sifatida saqlanib qolmoqda.
Vazirlik xorijiy tajribani ham misol keltirgan. Jumladan, Buyuk Britaniyada “Talk & Text”, AQSHda esa “Talk & Text Only Plan” kabi faqat qo‘ng‘iroq va SMSdan iborat tariflar mavjud. Xorvatiyada esa operatorlar xizmatlarni alohida tanlash imkonini taqdim etishi shart.
Qaror loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalar 2026-yil 15-aprelga qadar qabul qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ