O‘zbekistonda insofsiz sug‘urta agentlari reyestri yaratiladi
Qonunni buzganlik uchun mutaxassislarga yangi polislarni rasmiylashtirish taqiqlanishi mumkin
O‘zbekistonda sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish qoidalarini buzgan shaxslar va kompaniyalar uchun maxsus reyestr joriy etiladi. Tegishli nizom Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, sug‘urta kompaniyasi va uning agenti o‘rtasidagi shartnoma bir kun ichida Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Shundan so‘ng vositachiga yagona identifikatsiya raqami (ID) beriladi.
Jismoniy shaxslarga o‘z nomiga yoki yaqin qarindoshlari nomiga sug‘urta polisi rasmiylashtirishda agent sifatida qatnashish taqiqlanadi. Bank sohasida esa kredit ajratilganda vositachi sifatida faqat kredit bergan bank ishtirok etishi mumkin. Biroq sug‘urta kompaniyasini tanlash huquqi mijozda saqlanib qoladi.
Agentlarga to‘lanadigan vositachilik haqi sug‘urtalovchi hisob raqamiga tushgan sug‘urta mukofotlari summasining 25 foizidan oshmasligi belgilandi. Sug‘urta kompaniyalari o‘z agentlari faoliyatini kamida har olti oyda bir marta tekshirishi shart. Monitoring davomida ularning qonunchilikka rioya qilishi, hujjatlar hisobi va boshqa faoliyat jihatlari baholanadi.
Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda yangi sug‘urta polislarini rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Agent bilan tuzilgan shartnoma esa asossiz ravishda majburiyatlarni bajarmaslik, olti oy davomida faoliyat yuritmaslik yoki insofsiz agentlar reyestriga kiritilish holatlarida majburiy ravishda bekor qilinadi.
Elektron platformalar orqali faoliyat yurituvchi agentlar uchun mijozlarni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash xizmatini ta’minlash majburiy talab etib belgilandi.
Insofsiz sug‘urta agentlari va vositachilari reyestrini yuritish bilan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi shug‘ullanadi. Reyestrga firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish, korrupsiya, ataylab yolg‘on ma’lumotlar asosida hujjat rasmiylashtirish yoki sud qarori asosida qoidabuzarlik sodir etgan shaxslar va kompaniyalar kiritiladi.
Qoidabuzarlar reyestrda bir yil davomida yoki sud tomonidan belgilangan muddat davomida saqlanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ