O‘zbekistonda infratuzilma muammolarini hal etishga 20 trln so‘m yo‘naltiriladi
Mablag‘lar eng ko‘p murojaat tushgan mahallalarga ajratilib, yo‘l, suv va elektr ta’minotidagi muammolar bartaraf etiladi
O‘zbekistonda yo‘l, ichimlik suvi va elektr ta’minoti bilan bog‘liq infratuzilma muammolarini hal etish uchun 20 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025-yilda kommunal va transport infratuzilmasi bo‘yicha murojaatlar soni 109 mingdan oshgan. Vaziyatni yaxshilash maqsadida joriy yilda ajratiladigan mablag‘lar, avvalo, eng ko‘p shikoyat kelib tushgan mahallalarga yo‘naltiriladi.
Eng katta o‘sish Samarqand, Namangan, Termiz, Qarshi va Andijon shaharlarida qayd etilgan. Tumanlar kesimida esa Asaka, Shahrixon, Izboskan, Pastdarg‘om, Sho‘rchi, Denov, G‘uzor, Qamashi, Dehqonobod hamda Sharof Rashidov tumanlarida vaziyat murakkab ekani ta’kidlandi.
Muammolarni hal etishda “Tashabbusli budjet” dasturi samarali vosita sifatida e’tirof etilgan. Biroq tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2 mingta mahalla aholisi tomonidan yuborilgan 25 mingta loyiha arizasidan birortasi ovoz berish bosqichiga chiqarilmagan.
Mas’ullarga Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni chuqur o‘rganish, fuqarolarga loyiha hujjatlarini tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatish topshirildi. Bu orqali mahalliy muammolarni budjet mexanizmlari orqali tezkor bartaraf etish rejalashtirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ