Infinbankda yangi rais tayinlandi, sobiq rahbar esa Apex Bankka o‘tdi
Baxtiyor Jo‘rayev boshqaruv raisi etib tayinlandi, Olga Numanova esa boshqa bankda rahbarlik lavozimini egalladi
Infinbank va Apex Bank rahbariyatida kadrlar almashinuvi yuz berdi. Bu haqda Korporativ axborotning yagona portalida e’lon qilingan.
Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida Infinbank rahbarini almashtirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Kredit tashkiloti boshqaruvi raisi lavozimiga Baxtiyor Jo‘rayev tasdiqlandi. U bu lavozimda 2023 yildan buyon bankni boshqarib kelgan Ol’ga Numanova o‘rnini egalladi.
Bankning rasmiy sayti ma’lumotiga ko‘ra, Baxtiyor Jo‘rayev 1982 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. U Qarshi davlat universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mutaxassisning bank tizimidagi umumiy mehnat staji 24 yilni tashkil etadi.
Yangi tayinlovga qadar Jo‘rayev boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Uning zimmasiga kadrlar bilan ishlash, muammoli aktivlar va naqd pul muomalasi bo‘yicha departamentlarni boshqarish kirgan. Shuningdek, u operatsion boshqarma va bankning hududiy filiallari faoliyatini ham muvofiqlashtirib kelgan.
Olga Numanova esa Apex Bankka o‘tdi. Kuzatuv kengashi 2-dekabr kuni uni boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimiga tasdiqladi. U joriy yil may oyidan buyon bankni boshqarayotgan Sergey Gimadiyev rahbarligidagi top-menejment jamoasiga qo‘shilgan edi.
Numanova 1974-yilda tug‘ilgan. Bankchart ma’lumotiga ko‘ra, u 1996-yilda Toshkent moliya instituti, 2004-yilda esa Bank-moliya akademiyasi magistraturasini tamomlagan. Bank sohasida 1996-yildan beri ishlaydi. 2018-yil iyunidan u Infinbank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, 2024-yil yanvarida esa bank rahbari lavozimiga tasdiqlangan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ