Xususiy bog’cha va maktablarga ajratilgan imtiyozlar muddati 2030-yilgacha uzaytirildi
Xorijiy mutaxassislardan undiriladigan yig’im esa 30 baravardan 1 baravarga tushiriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezident tomonidan ta’lim sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirishga qaratilgan qarorni imzolandi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.
Unga ko‘ra, chora-tadbirlar nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sohasida xususiy sektorning ulushini oshirish, bu borada tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda innovatsion pedagogik shakl, uslub va ta’limni joriy etishga qaratilgan.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvargacha belgilangan imtiyozlarning amal qilish muddati 2030-yil 1-yanvargacha uzaytirildi. To‘lovdan ozod qilingan:
— nodavlat maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari barcha turdagi soliqlar (ijtimoiy bundan mustasno) va yig‘imlardan;
— nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini jihozlash va ularning faoliyatini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy o‘quv va laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, inventar va moddiy-texnika resurslari belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar — bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari);
— nodavlat maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ishlovchi xorijiy o‘qituvchilar va mutaxassislar – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqdan.
2025 yil 1 yanvardan boshlab esa:
— nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘qituvchilik faoliyatini amalga oshirish uchun yollangan xorijiy mutaxassislarga A2 o‘qituvchilik kirish vizalari beriladi;
— davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan xorijdan jalb etilgan mutaxassislarga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar berilganda undiriladigan yig‘im miqdori 30 dan 1 baravarga (11,2 mln so‘mdan 375 ming so‘mga) tushirildi;
— nodavlat maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari rahbariyati va pedagog xodimlari A.Avloniy nomidagi Milliy pedagogika mahorat instituti, pedagogika mahorati markazlarida, shuningdek, nodavlat malaka oshirish markazlarida o‘z malakalarini oshirishi belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ