O‘zbekistonda iyul oyidan boshlab ayrim tovarlarni bojsiz olib kirish normalari o‘zgarmoqda
Aeroportlar orqali shaxsiy olib kirish limiti $2 mingdan $1 mingga tushirildi, zargarlik buyumlariga cheklovlar bekor qilindi

2025-yil 1-iyuldan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishning yangi qoidalari kuchga kiradi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Boj to‘lamasdan olib kiriladigan shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan tovarlar qiymatining chegarasi:
- xalqaro aeroportlar orqali — $2 mingdan $1 minggacha;
- temir yo‘l, daryo va avtomobil o‘tkazish punktlari orqali — $1 mingdan $500 gacha.
Zargarlik buyumlarini olib kirishga qo‘yilgan cheklovlar endi amal qilmaydi. Bunga qadar $2 minggacha bo‘lgan summaga 65 grammdan ortiq bo‘lmagan miqdorda ruxsat berilgan.
Shuningdek, uch flakongacha atir yoki xushbo‘ylantirgichlarni olib yurishga ruxsat etiladi, bunda ularning umumiy hajmi 300 ml dan oshmasligi kerak. Tamaki mahsulotlari uchun esa ko‘pi bilan 200 dona sigareta, 5 dona sigara yoki 100 gramm tamaki me’yorlari belgilangan. Bunga qadar 10 quti sigaretgacha ruxsat etilgan.
Shuningdek, yo‘riqnomaga yangi shart qo‘shildi. Agar fuqaro chet elda ikki kalendar kundan kam bo‘lgan va temir yo‘l, daryo yoki avtomobil punktlari orqali chegarani kesib o‘tgan yoki xalqaro aeroport orqali kirishda uch kundan kam bo‘lgan hollarda bojsiz olib kirish huquqi berilmaydi. Shuningdek, bir kalendar oy davomida chegarani uch va undan ortiq marta kesib o‘tishda yengilliklar qo‘llanilmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ