Endilikda import qilingan avtomobillar Piskentda sinovdan o‘tkazilmaydi
Sertifikatlashni rasmiy yetkazib beruvchilar va Texnik jihatdan tartibga solish agentligining nazorati ta’minlaydi

Фото: Kapital.uz
2025-yil 2-sentabrdan avtomobillarni Piskent sinov majmuasida sinovlardan o‘tkazish amaliyoti bir yil o‘tmasdan to‘xtatildi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi xabar qildi.
Agentlik amaliyot respublikada rasmiy dilerlar va servis markazlari soni keskin oshganligi hamda iste’molchilarning rasmiy dilerlar bilan ishlash amaliyoti joriy etilganini inobatga olib to‘xtatilganini qayd etgan.
Ma’lumot o‘rnida, agentlik, O‘zbekistonga import qilinayotgan avtomobillarning sifati va xavfsizligini ta’minlash doimiy nazorat qilinib, amaldagi talablarga ko‘ra nomuvofiqliklar aniqlanganda, iste’molchilardan e’tirozlar kelib tushganda ushbu avtomobillarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanishini ta’kidladi.
Agentlik o‘z xabarida 2024-yilgacha O‘zbekistonda atigi 3 ta dilerlik markazi faoliyat yuritgani, ular faqat 15 ta avtomobil modeli uchun turni tasdiqlash to‘g‘risidagi hujjatlarga ega bo‘lganini tushuntiradi. Hozirda rasmiy dilerlar soni 21 taga yetdi va 100 dan ortiq avtomobil modellariga turni tasdiqlash to‘g‘risidagi hujjatlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-noyabrdan boshlab Texnik jihatdan tartibga solish agentligi import qilingan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini o‘zgartirgandi. Tartibga ko‘ra, xorijdan olib kiriladigan transport vositalari bojxona hududida emas, balki Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi avtomobil poligonida sinovdan o‘tkazilishi belgilangandi.
Sinovlar “O‘zbekiston ilmiy sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi (UzTest) tomonidan o‘tkazib kelingan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ