Imkon Ventures $9 mlnlik Startup Garage portfeliga sarmoya kiritdi
Bunda Darstop, Haysam School va Asaxiy Invest kabi ta’lim hamda halol moliya loyihalari investitsiya oldi
Foto: Imkon Ventures
Xususiy venchur fond Imkon Ventures ta’lim va moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishidagi istiqbolli startaplarga bir qator strategik investitsiyalar kiritdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kapitalga ma’lum qildi.
Xususan, fond AQShda o‘zbek dasturchisi Shuhrat Fayziyev tomonidan asos solingan Darstop EduTech-platformasiga sarmoya kiritdi. Loyiha o‘z oldiga butun dunyo bo‘ylab yashayotgan o‘zbek diasporasi bolalari uchun sifatli va qulay raqamli ta’lim infratuzilmasini yaratishni maqsad qilgan.
Darstop platformasi 3–4 oylik dasturlar asosida dasturlash, robototexnika, sun’iy intellekt, ingliz tili va madaniy rivojlanish yo‘nalishlarida ta’lim beradi. Xizmat bolalarning shaxsiy rivoji, qadriyatlari va o‘quv jarayonini muntazam monitoring qilishga alohida e’tibor qaratib, ota-onalar uchun teskari aloqa tizimini ham taqdim etadi.
Farzandimning ta’limidan qoniqmaganim sabab eng yaxshi ustozlarni izlab, tizimli o‘quv jarayonini yo‘lga qo‘ydim. Oradan ko‘p o‘tmay boshqa ota-onalar ham qiziqib, farzandlarini qo‘shishni so‘rashdi. Shu tariqa Darstop paydo bo‘ldi, — dedi loyiha asoschisi Shuhrat Fayziyev.
Shuningdek, Imkon Ventures Haysam School ta’lim platformasiga ham investitsiya kiritdi. Ushbu loyiha amaliy sun’iy intellekt, kreativ texnologiyalar va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan. Fond portfeliga, shuningdek, Asaxiy Invest — halol investitsiyalar va bo‘lib-bo‘lib to‘lash (installment) platformasi ham kiritildi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt asosida moliyaviy mas’uliyatni boshqarishga yo‘naltirilgan Karmon AI hamda foydalanuvchilar va tashkilotlar uchun agentlik vazifalarini bajaruvchi Orif.ai platformalari ham Imkon Ventures sarmoyasini jalb qildi.
Biz qisqa muddatli trendlar emas, balki uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatadigan infratuzilma, ta’lim tizimlari va ijro platformalariga e’tibor qaratamiz. Maqsadimiz — barqaror va real qiymat yaratuvchi startaplar bilan erta bosqichdayoq hamkor bo‘lish, — dedi Imkon Ventures hammuassisi Muhammad Xalil.
Qayd etilishicha, Imkon Ventures yaqin ikki yil ichida UzVC “fondlar fondi” ko‘magida 25–30 ta startapga investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Fond mahalliy jamoalarning o‘sishiga va ularning global texnologik ekotizimga integratsiyasiga ko‘maklashadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ