Ilon Mask dunyodagi birinchi yarim trillion egasiga aylandi
Kapitalning o‘sishi Tesla aksiyalarining qimmatlashishi, SpaceX qiymatining oshishi va xAIning X ijtimoiy tarmog‘i bilan birlashishi bilan bog‘liq

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask $500 mlrd boylikka ega tarixdagi ilk odamga aylandi. Bu haqda Forbes Real-Time Billionaires reytingi xabar berdi.
Reytingda Maskning boyligi dastlab yarim trillion dollarga yetgan. Keyinchalik esa bu ko‘rsatkich $499,1 mlrdgacha pasaygan. Shunga qaramay, u hozirda Larri Ellisondan $150 mlrdga boyroq va dunyodagi ilk trillioner bo‘lish uchun asosiy nomzod hisoblanadi.
Maskning boyligi o‘sishida Tesla aksiyalari qiymati katta rol o‘ynadi. 1-sentabr kuni kompaniya qimmatli qog‘ozlari qariyb 4% ga qimmatlashib, tadbirkorga qo‘shimcha $9,3 mlrd daromad keltirdi. Apreldan buyon Tesla aksiyalari deyarli 2 baravar oshgan va kompaniyaning bozor qiymati tarixiy cho‘qqiga yaqinlashmoqda. Maskning Tesla’dagi 12% lik ulushi hozirda $191 mlrdga teng.
Ammo boylikning asosiy manbalari faqat Tesla bilan cheklanmaydi. SpaceX hozirda $400 mlrdga baholanmoqda — bu 2024-yil dekabriga nisbatan 50 mlrdga ko‘p. Mask kompaniyaning 42% aksiyalariga egalik qilib, bundan $168 mlrd boylik orttirgan.
Yana bir yirik aktiv — xAI Holdings. Uning tarkibiga X ijtimoiy tarmog‘i hamda Grok sun’iy intellektini ishlab chiqayotgan xAI kompaniyasi kiradi. xAI Holdings 113 milliard dollarga baholangan, Maskning undagi 53% lik ulushi qariyb $60 mlrdni tashkil etmoqda.
Avvalroq Larri Ellison Bloomberg talqini bo‘yicha eng boylar ro‘yxatida Maskni ortda qoldirgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ