O‘zbekistonda ijtimoiy kartalarni chiqarish huquqiga ega banklar soni kengaytiriladi
2026-yil 1-apreldan texnik talablarga javob beradigan istalgan bank ijtimoiy karta chiqarishi mumkin bo‘ladi
Фото: Национальное агентство соцзащиты
Prezidentning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini qayta tashkil etishga oid farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda ijtimoiy kartalarni chiqarish huquqiga ega banklar doirasi kengaytiriladi. 2026-yil 1-apreldan boshlab mamlakatdagi istalgan bank-rezident belgilangan texnik talablarga mos kelgan taqdirda ijtimoiy kartalarni muomalaga chiqarish va berish bo‘yicha moliyaviy agent sifatida faoliyat yurita oladi. Hozirda bu vakolat faqat Aloqabank va Xalq bankiga berilgan.
Shuningdek, ijtimoiy kartalarning ayrim funksiyalarini ishga tushirish muddati o‘zgartirildi. Xususan, ularni urush faxriysi guvohnomasi, o‘quvchi yoki talaba guvohnomasi, shuningdek, nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma o‘rnida qo‘llash 2026-yil 1-yanvardan boshlanadi. Avval bu imkoniyat 2025-yil aprelida joriy etilishi rejalashtirilgan edi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar uchun birlamchi zarur tovar va xizmatlar bo‘yicha QQSni avtomatik qaytarish tajribasi 2026-yil 1-fevraldan Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida boshlanadi. Dastlab ushbu mexanizm 2025-yil 1-oktabrda ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan edi. 2026-yil iyul oyidan tizim boshqa hududlarni ham qamrab oladi (ilgari fevraldan rejalashtirilgan).
Ijtimoiy kartalar orqali ijtimoiy xizmatlar, subsidiyalar, grantlar, imtiyozlar va to‘lovlarni taqdim etish 2026-yil iyulidan boshlanadi. Xuddi shu vaqtdan boshlab jamoat transporti va taksida yurish, poyezd va aviachiptalar xaridi bo‘yicha imtiyozlar ham ijtimoiy kartalarga bog‘lanadi. Avval bu choralar 2025-yil aprelidan joriy etilishi rejalashtirilgan edi.
Ijtimoiy kartalar haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil boshida O‘zbekistonda ijtimoiy kartalar tizimini joriy etish rejasini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, ijtimoiy kartalar nafaqalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni amalga oshirish, shuningdek transport va kommunal xizmatlar bo‘yicha imtiyozlardan foydalanish uchun mo‘ljallangan. .
2024-yil iyul oyida davlat rahbari ijtimoiy himoya sohasidagi yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi. Unda ijtimoiy kartalar birinchi bosqichda Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida joriy etilishi, 2025-yildan esa butun respublika bo‘ylab tatbiq qilinishi ma’lum qilindi.
Amalda esa Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy kartalarni 2025-yil yanvar oyidan Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida bera boshladi. Kartalar Xalq banki va Aloqabank tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda. Ularga yoshga doir va nogironlik nafaqalari, bolalar nafaqasi hamda boshqa moddiy yordam turlari o‘tkazilmoqda.
Ijtimoiy kartani rasmiylashtirish uchun “Inson” markazlariga murojaat qilish mumkin — ariza topshirilgach, karta 3 ish kuni ichida tayyorlanadi. Keyinchalik kartalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi, shuningdek Xalq banki va Aloqabank bo‘limlari orqali rasmiylashtirish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ