1-noyabrdan talabalarga “ijara puli”ni Yagona portal orqali qaytarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Kelgusi yildan boshlab o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlaridagi barcha davlat xizmatlari raqamlashtiriladi

Kapital.uz avval xabar berganidek, prezidentning raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha Yagona portal orqali murojaat qilish imkoni yaratiladi.
Kelgusi yil 1-yanvardan esa o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayoni bilan bog‘liq davlat xizmatlari Yagona portal orqali ko‘rsatiladi.
2026-yil 1-maydan nogironlikni belgilash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yo‘llanmani shakllantirish va elektron navbatga qo‘yish kompozit shaklda amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2026-yil yakunigacha tibbiy ko‘rik jarayonida shifokor nutqini avtomatik bayonlashtiruvchi ovozli yordamchi hamda bemorlarga tashxis qo‘yishda ko‘maklashuvchi sun’iy intellektga asoslangan “Shifokorning raqamli yordamchisi” dasturi ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-noyabrdan transportga gaz baloni o‘rnatilganligiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish orqali transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ