O‘zbekiston ichki kapital bozoriga kamida $1 mlrd jalb qilish rejalashtirilmoqda
Mamlakat, shuningdek, xorijiy qimmatli qog‘ozlarni mahalliy birjaga qo‘yishga tayyorlanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni O‘zbekiston kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi taqdimotni tingladi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
Bugungi kunda muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati 275 trln so‘mni tashkil etib, birjada erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar hajmi 4 trln so‘mga yetdi, bozorda 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuv hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20% ni tashkil etadi, bu jahon ko‘rsatkichlaridan ancha past va mazkur sohada hali katta salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan ichki kapital bozoriga kamida $1 mlrdlik investitsiyalarni jalb qilish choralari muhokama qilindi.
Asosiy tashabbuslar qatoriga mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish — “dual listing” amaliyotiga ruxsat berish kiradi. Shuningdek, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qog‘ozlar hamda birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish ham rejalashtirilgan.
“Tartibga solish qumdoni” rejimini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Uning shartlarini nafaqat norezidentlarga, balki rezidentlarga ham kengaytirish va xorijiy investorlar uchun cheksiz muddat belgilash taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, fond birjasining maxsus platformasida xorijiy kompaniyalarning (Google, Meta, Nvidia va boshqalar) aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qog‘ozlari bilan savdo qilishga ruxsat berish rejalashtirilgan.
Bu, ta’kidlanishicha, xorijiy moliyaviy vositalar bilan norasmiy savdo ko‘lamini kamaytiradi.
Yig‘ilishda, shuningdek, mahalliy investorlarning ishtirokini oshirish choralari muhokama qilindi. Xususan, Toshkent fond birjasi mahalliy kompaniyalar va banklarga xorijiy valyutada (hozirda faqat so‘mda) obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda, bu ularga chet bozorlarga chiqmasdan xorijiy valyutani jalb qilish imkonini beradi.
Shuningdek, emitentlarga o‘z kapitali hajmidan ortiq, ta’minotsiz obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini yaratish orqali obligatsiyalar bozorini kengaytirish taklif qilinmoqda. Ya’ni kompaniya garov yoki boshqa aktivlarni kafolat sifatida taqdim etmasdan investorlardan mablag‘ jalb qila oladi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyusida bozor shaffofligini oshirish, emitentlar ma’lumotlari oshkor qilinini ta’minlash va bunday qoidabuzarliklar uchun jazolarni kuchaytirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritilayotganini e’lon qildi.
Kapital bozorini nazorat qilish va tartibga solish tizimini takomillashtirish ham ko‘rib chiqildi. Qonunchilikni Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti (IOSCO) standartlariga moslashtirish, regulyatorning (ILMA) vakolatlarini kuchaytirish va professional bozor ishtirokchilari uchun ustav kapitali talablarini bosqichma-bosqich oshirish rejalari taqdim etildi.
ILMAga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda kapital bozorining imkoniyatlarini jamoatchilik va tadbirkorlarga tushuntirish choralarini kuchaytirish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ