“HUMO” to‘lov tizimi $65 mlnga sotildi
Ochiq savdo jarayonlarida “Paynet” AJ g’olib bo‘ldi
O‘tgan yilning 22-iyulida “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ ustav kapitalidagi 100% davlat aksiyalarini xususiyalashtirish jarayonlari boshlangan edi.
Oktabr oyiga kelib, ochiq savdo jarayonlarining Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida 6 nafar investor qabul qilingan.
Ushbu bosqichda, Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitimni (NDA) imzolagan talabgorlarga xususiylashtirish boʻyicha konsultant “Deloitte” xalqaro kompaniyasi tayyorlagan AJning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil hisobotlari bilan tanishish, shuningdek, Jamiyatning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, talabgorlarga Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2024-yil 30-sentabrdagi eʼloniga muvofiq, “Savdoning asosiy shartlari to’g’risida” (Term sheet)gi Bitim taqdim etildi.
Belgilangan muddatlarda Konsultantga Jamiyatni sotib olish boʻyicha 3 nafar talabgorlardan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) kelib tushdi hamda $65 mln miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan “Paynet” AJ savdo gʻolibi deb topildi. Bu haqda DABA ma’lum qildi.
Mazkur taklif Konsultant tomonidan hisoblangan “Milliy banklararo protsessing markazi” AJni sotish mumkin boʻlgan indikativ narxlar oraligʻida joylashgan hamda xalqaro mustaqil baholovchi “KPMG” tomonidan baholangan qiymatidan yuqori.
Talabgor kelgusida Aksiyadorlik jamiyatiga tegishli “Humo” toʻlov tizimini barqaror va uzluksiz ishlashini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha majburiyatlarni, shuningdek, tizim foydalanuvchilarining konfidensial (shaxsiy va bank) maʼlumotlarini himoya qilishni zimmasiga olgan.
Jamiyatni xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.
Maʼlumot uchun: “Paynet” AJ – Oʻzbekiston moliyaviy texnologiyalar sohasida 18 yildan buyon faoliyat yuritayotgan eng yirik toʻlov operatorlaridan biridir. Mazkur toʻlov tizimi orqali 1,5 mingdan ziyod mahsulot yetkazib beruvchi va xizmat koʻrsatuvchilarga toʻlash imkoniyati yaratilgan hamda yiliga 20 mln dan ziyod foydalanuvchilar ushbu xizmatlardan foydalanib kelmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ