H&M O‘zbekistonda hаb ochish orqali tekstil mahsulotlari xaridini yo‘lga qo‘yadi
Shvetsiya kompaniyasi O‘zbekistonni mintaqaviy sorsing markaziga aylantirishni rejalashtirmoqda
Shvetsiyaning H&M kompaniyasi O‘zbekistonda hab tashkil etish va tekstil mahsulotlarini xarid qilish (sorsing) tizimini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 15-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi Rahmatulla Nurimbetov ma’lum qildi.
Elchining aytishicha, o‘tgan yili Shvetsiya migratsiya vaziri Yoxan Forssellning O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng, mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorlik bildirilgan. Tomonlar yaqin uch oy ichida migratsiya to‘g‘risida kelishuv imzolashni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Shvetsiya bilan ijtimoiy himoya, inklyuziv ta’lim, reintegratsiya, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb qilish yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasida esa organik mahsulotlar yetishtirish, fermerlarni sertifikatlash va Shvetsiya bozoriga chiqish bo‘yicha treninglar tashkil etish rejalashtirilgan.
Elchi Shvetsiyada oziq-ovqat mahsulotlariga yillik talab $15 mlrdni tashkil etishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, logistika xarajatlari yuqori bo‘lishiga qaramay, aholining xarid qobiliyati yuqoriligi sababli O‘zbekiston mahsulotlarini eksport qilish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq. Buning uchun barqaror transport yo‘laklari va mahsulotlarning xalqaro talab va standartlarga mosligi ta’minlanishi lozim.
Bundan tashqari, Shvetsiya bilan chorvachilik sohasida, xususan bioprotein ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari ham mavjud.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ