O‘zbekiston Hindiston kompaniyalariga $3,4 mlrdlik energetika loyihalarini taklif qildi
Hukumat hind biznesini nafaqat pudratchi, balki investor sifatida ham jalb etishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston Hindiston kompaniyalariga umumiy qiymati $3,4 mlrd bo‘lgan beshta yirik energetika loyihasida ishtirok etishni taklif qildi. Bu haqda energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hind kompaniyalari hozirning o‘zida O‘zbekistonda pudratchi sifatida loyihalarni amalga oshirmoqda. Ularning umumiy loyiha portfeli qiymati $2 mlrddan oshadi. Endilikda hukumat hamkorlik formatini kengaytirib, Hindiston biznesini bevosita investor sifatida jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Taklif etilayotgan loyihalar energetikaning bir nechta yo‘nalishlarini qamrab oladi. Ular orasida yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari, gidroelektr stansiyalar va issiqlik elektr stansiyalarini qurish loyihalari mavjud.
Xususan, Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida gidroakkumulyatsion elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilmoqda. Surxondaryo viloyatida esa issiqlik elektr stansiyasini barpo etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent va Namangan viloyatlarini Qamchiq dovoni orqali bog‘laydigan yuqori kuchlanishli magistral tarmoqni yaratish ko‘zda tutilgan. Yana bir loyiha Navoiy viloyatidan Toshkent viloyatigacha yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasini qurishni nazarda tutadi.
Hozirda ushbu loyihalar bo‘yicha zarur tadqiqotlar olib borilmoqda.
Loyihalarda mahalliy ishtirokni oshirish rejalashtirilmoqda
Loyihalarni amalga oshirishda hukumat asosiy e’tiborni mahalliylashtirishga qaratmoqchi. Sherzod Xo‘jayevning ta’kidlashicha, ishchi kuchining asosiy qismini O‘zbekiston mutaxassislari tashkil etishi kerak.
Loyihalash va konstruktorlik ishlarining kamida 50% ini mahalliy kompaniyalarga topshirish rejalashtirilmoqda. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ulushi esa kamida 70% ni tashkil etishi kerak.
Ularda nou-xau bor, bizda esa bunday mega-loyihalarni boshqarish bo‘yicha jamoalar hali to‘liq shakllanmagan. Shu sababli ularning asosiy yordami aynan shu yo‘nalishlarda bo‘ladi, — dedi vazir.
Shunday qilib, Hindiston kompaniyalari bilan hamkorlik nafaqat kapital va texnologiyalarni jalb qilish, balki tajriba almashish, mahalliy mutaxassislar salohiyatini rivojlantirish hamda yirik energetika loyihalarini amalga oshirishda o‘zbek kompaniyalari ishtirokini oshirishni ham nazarda tutmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ