Turkiyaning Heyal Holding kompaniyasi Farg‘ona viloyatida $350 mln evaziga sanoat zonasini quradi

Loyiha “aqlli” ishlab chiqarish sexlari, mehmonxonalar va savdo majmualarini qurish ishlarini o‘z ichiga oladi

Turkiyaning Heyal Holding kompaniyasi Farg‘ona viloyatida $350 mln evaziga sanoat zonasini quradi

Turkiyaning “Heyal Holding” kompaniyalar guruhi Farg‘ona viloyatida industrial zona tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Farg‘ona viloyati hokimi Hayrullo Bozorov Istanbulda “Heyal Holding” asoschisi Vahdettin Heyal va yetakchi me’morlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar qiymati $350 mln deb baholangan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Kelgusidagi industrial zona Quva tumanida joylashadi. Uning hududida 15 tadan ortiq obyektlar — ko‘p qavatli ishlab chiqarish sexlari, savdo markazlari, mehmonxonalar, konferensiya zallari va shourumlar qurilishi rejalashtirilgan.

Sexlar “aqlli tizimlar” tamoyili asosida, quyosh panellari yordamida energiya bilan ta’minlash hamda chiqindilarni qayta ishlash komplekslari o‘rnatilgan holda quriladi. Loyiha doirasida mahalliy mutaxassislar uchun kasbiy tayyorgarlik markazi ham tashkil etiladi.

Yaqin kunlarda “Heyal” mutaxassislari Farg‘onaga tashrif buyurib, loyiha materiallarini birgalikda batafsil ishlab chiqish va qurilish ishlarini boshlash ustida ishlaydi. Farg‘ona viloyati hokimligi va “Heyal Holding” o‘rtasida xalqaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan.

Shuningdek, Hayrullo Bozorov 30 ga yaqin turk kompaniyalari va tashkilotlari vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda avtomobilsozlik, qurilish, zargarlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, turizm, IT va boshqa sohalarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Masalan, “Aktiv Group” direktori Mehmet Nyukto mehmonxona va mebel sohalaridagi loyihalarni muhokama qildi. Xususan, Farg‘onada yangi mehmonxona qurish va tarixiy binolarni rekonstruksiya qilish masalalari ko‘tarildi.

“Aydin Gold” rahbari Ibragim Aydin bilan zargarlik sohasidagi yangi loyihalar muhokama qilindi. “SMTR Group” vakillari bilan esa Farg‘onada avtomobil yoqilg‘i baklari ishlab chiqarish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

“Seyhan Ambalaj Makina” kompaniyasi Quva logistika markazida qadoqlash uskunalari ishlab chiqarish liniyasini ochishga qiziqish bildirdi. “Cabani Shoes” poyabzal brendi esa Farg‘onada, Toshkent va Samarqanddan so‘ng, O‘zbekistondagi uchinchi do‘konini ochishni taklif etdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Urganch va Nukus yo’nalishidagi poyezd chiptalari narxi oshiriladi
/
Urganch va Nukus yo’nalishidagi poyezd chiptalari narxi oshiriladi
“Uzum Nasiya” firibgarlik holatlariga munosabat bildirdi
/
“Uzum Nasiya” firibgarlik holatlariga munosabat bildirdi
AQSHning kompaniyasi O‘zbekistonda xalqaro logistika uchun operatsion markaz tashkil qiladi
/
AQSHning kompaniyasi O‘zbekistonda xalqaro logistika uchun operatsion markaz tashkil qiladi