Qozog‘iston regulyatori “Halyk Bank”ning “Click“ dagi 49% ulush xaridini ma’qulladi
Bitim kuchga kirishi uchun O‘zbekiston Markaziy banki va Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tasdiqlashi kutilmoqda
Qozog‘istonning “Halyk Bank” bankiga O‘zbekiston kompaniyasi “Click”da ulush sotib olishga ruxsat berildi. Bu haqda qarorni Qozog‘iston Moliya bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi qabul qilgan.
Bitimni yakuniy imzolash uchun ikki tomon ham O‘zbekiston Markaziy banki va Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining roziligini olishi kerak.
Ma’lumki, joriy yil iyul oyida Qozog‘istonning “Halyk Bank”i O‘zbekiston to‘lov tizimi “Click” aksiyalarining 49% ini $176,4 mlnga sotib olishi ma’lum bo‘lgandi. O‘zaro kelishuv doirasida esa “Click” “Halyk Bank”ning O‘zbekistondagi “Tenge Bank” aksiyalarining 49% ini $60,7 mlnga qo‘lga kiritadi.
Har ikkala kelishuv ham O‘zbekiston va Qozog‘iston regulyatorlarining tasdig‘ini talab qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ