O‘zbekistonliklarga Green Card uchun viza berilmaydi — elchixona
Shunga qaramay, fuqarolar lotoreyaga ariza topshirishlari mumkin
Фото: ForumDaily New York
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi 30-dekabrdan boshlab Diversity Visa (Green Card) dasturi bo‘yicha barcha vizalar berilishi to‘xtatib qo‘yilganini e’lon qildi.
DV dasturi murojaatchilari vizaga ariza topshirishi va suhbatdan o‘tishi mumkin, AQSH davlat departamenti o‘z navbatida suhbat sanasini belgilashda davom etadi, biroq DV vizalari berilmaydi, deyiladi elchixona xabarida.
Qayd etilishicha, DV dasturi bo‘yicha belgilangan suhbat sanalari boshqa sanaga ko‘chilmaydi yoki bekor qilinmaydi. AQSH davlat departamenti murojaatchilarni xabardor qilib borishga intiladi hamda qo‘shimcha yangilik bo‘lishi bilanoq jamoatchilikka taqdim etiladi.
19-dekabr kuni AQSH Green Card dasturini vaqtincha to‘xtatgandi. Bunga Braun universitetida otishma sodir etganlikda gumonlangan shaxs ushbu dastur orqali mamlakatga kelgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. 13-dekabr kuni yuz bergan mazkur otishmada o‘zbekistonlik talaba MuhammadAziz Umurzoqov ham halok bo‘lgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ