O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida Biznes kengashi tashkil etiladi
Ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha memorandum imzoladi
Фото: ТПП
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Gonkong Bosh savdo palatasi (HKGCC) tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat Gonkong maxsus ma’muriy hududi rahbari Jon Li boshchiligidagi biznes missiyasining Markaziy Osiyoga tashrifi doirasida imzolangan. Kelishuv ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, savdo munosabatlarini mustahkamlash hamda investitsiyalar hajmini oshirishga qaratilgan.
Mazkur yo‘nalishdagi muzokaralar 2026-yil mart oyida O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyevning Gonkong Bosh savdo palatasiga tashrifi chog‘ida boshlangan. Shundan so‘ng bir qator uchrashuvlar o‘tkazilib, jumladan, may oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Gonkongga tashrifi yakuniy kelishuvlarga erishish jarayonini tezlashtirgan.
Memorandumga muvofiq, yangi platforma tadbirkorlar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yadi. Biznes kengashi aloqalarni o‘rnatish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish va sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Tomonlar kelgusida sohaviy forumlar, B2B uchrashuvlari, tajriba almashish dasturlari hamda savdo missiyalarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Gonkong Bosh savdo palatasi ma’lumotiga ko‘ra, memorandum tashkilot nomidan kengash a’zosi Jefri Lam tomonidan imzolangan. 10-mart kuni boshlangan muzokaralar hudud rahbarlari, O‘zbekiston elchixonasi va Savdo-sanoat palatasi bilan o‘tkazilgan yuzma-yuz hamda onlayn uchrashuvlar davomida olib borilgan.
Hamkorlik sur’ati 4–7-may kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Gonkongga tashrifi vaqtida yanada jadallashgan. Mazkur tashrif O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning rasmiy safariga to‘g‘ri kelgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu kelishuv gonkonglik kompaniyalar uchun O‘zbekiston bozoriga kirish, biznesni diversifikatsiya qilish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha amaliy yo‘l xaritasi vazifasini bajaradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ