2026-yilda oltin narxi $5 minggacha chiqishi prognoz qilinmoqda
Bank ekspertlariga ko‘ra, g‘aznachilik obligatsiyalaridan ozgina aktiv ham oltinga yo‘naltirilsa, uning narxi keskin oshadi

Фото: Freepik
Goldman Sachs Group prognoziga ko‘ra, agar AQSh Federal zaxira tizimining mustaqilligi izdan chiqsa, oltin narxi bir unsiya uchun $5 ming atrofida bo‘lishi mumkin, deb yozadi Bloomberg.
Bank ekspertlari fikricha, hatto kichik hajmdagi aktivlar g‘aznachilik obligatsiyalaridan oltinga yo‘naltirilsa ham, bu qimmatbaho metalning keskin qimmatlashishiga olib keladi.
Tahlilchilar, jumladan Samanta Dart, bunday vaziyat inflyatsiyaning kuchayishiga, aksiyalar va obligatsiyalar qiymatining pasayishiga, hamda dollarning global zaxira valyutasi sifatidagi roliga putur yetishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Shu sharoitda oltin ishonchli jamg‘arma vositasiga aylanishi ehtimoli yuqori, chunki u siyosiy va institutsional omillarga bog‘liq emas.
Goldman Sachs bir necha rivojlanish ssenariylarini ko‘rib chiqdi. Asosiy variantga ko‘ra, 2026-yil o‘rtalarida oltin bir unsiya uchun $4 ming atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Salbiy ssenariyda esa bu ko‘rsatkich $4,5 minggacha yetishi mumkin. Agar AQSh g‘aznachilik obligatsiyalari bozorining kamida 1% qismi oltinga o‘tsa, maksimal prognoz sifatida $5 ming ko‘rsatkichi ham qayd etilgan.
Bundan oldin Yahoo! Finance ham Oq uyning tariflarga oid qarorlari fonida oltin narxining o‘sishini kutayotganini xabar qilgandi. Masalan, Macquarie Group vakili Markus Garvi ayrim hollarda oltin narxi $3,5 minggacha yetishi mumkinligini aytgan.
2-sentabrda oltin narxlari ilk bor 1 unsiya uchun $3,6 mingdan yuqorilab, tarixiy rekord o‘rnatdi. O‘zbekistonda Markaziy bank sotayotgan oltin quymalarining chakana narxi esa 27-avgustdan 3-sentabrgacha 5,8% ga oshib, grammiga 1,37 mln so‘mdan 1,45 mln so‘mga yetdi. Yil boshidan buyon ko‘tarilish 30% ni tashkil qilmoqda.
Oltin narxining keskin o‘sishi dollarning zaiflashishi va AQSh Federal rezerv tizimi foiz stavkasini tushirishi mumkinligi haqidagi taxminlar bilan bog‘liq. Regulyator yig‘ilishi 16–17 sentabr kunlari o‘tkazilishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ