Global davlat qarzi $102 trlnlik rekord darajaga yetdi

Davlat qarzlarining o‘rtacha 70% ini tashqi qarz tashkil qilmoqda

Global davlat qarzi $102 trlnlik rekord darajaga yetdi

Dunyo bo‘yicha davlat qarzi 2024-yilda rekord darajadagi $102 trlnga yetdi. Uning qariyb uchdan bir qismi — $31 trlni rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rivojlanayotgan davlatlar faqat foiz to‘lashga $921 mlrd sarflagan. Bu esa byudjetlarga putur yetkazadi va asosiy davlat xizmatlarini xavf ostiga qo‘yadi. 2010-yildan beri rivojlanayotgan mamlakatlarda davlat qarzi rivojlanganlarga nisbatan ikki baravar tez o‘sdi. Bugungi kunda 3,4 mlrd kishi sog‘liqni saqlash yoki ta’limdan ko‘ra foiz to‘lovlariga ko‘proq mablag‘ sarflanadigan mamlakatlarda yashaydi.

O‘sib borayotgan qarzlar, chuqurlashib borayotgan tengsizlik

Rivojlanayotgan mamlakatlarda davlat qarzi mintaqalar bo‘yicha farqlanadi: jahon qarzining 24% Osiyo va Okeaniyaga, 5% Lotin Amerikasiga, atigi 2% esa Afrikaga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, kambag‘alroq davlatlar AQSHga nisbatan 2–4 baravar yuqori foiz stavkalarida qarz olishga majbur bo‘lmoqda.

2023-yilda rivojlanayotgan mamlakatlar tashqi kreditorlarga $487 mlrd to‘ladi. Bu olingan mablag‘lardan $25 mlrdga ko‘p. Bu bir necha yildan beri mablag‘lar chiqib ketishda davom etayotganini anglatadi.

Yevropa va Markaziy Osiyo

Mazkur mintaqalarda davlat qarzi hajmi 2010-yildan 2022-yilgacha 2,5 baravar oshgan, umumiy iqtisodiyot esa atigi 1,4 baravar o‘sgan. Ayniqsa, Kavkaz mamlakatlari, energiya eksport qiluvchi mamlakatlar va G‘arbiy Bolqonda qarz tez sur’atlarda o‘sgan.

O‘zbekistonda o‘sish eng yuqori tezlikda kechdi, ammo mamlakat juda past qarz darajasidan boshlagandi. Tojikistonda qarz 2020-yilda yalpi ichki mahsulotning 50% ga yetdi, so‘ngra pasayishni boshladi. Shunday bo‘lsa-da, mamlakat hamon qarz inqirozi xavfi yuqori bo‘lgan hududda qolmoqda, deyiladi BMT hisobotida.

Urush fonida Ukrainaning davlat qarzi yana ko‘paydi. Jumladan, 2022-yilda yalpi ichki mahsulotning 82% ga yetib, 2010-yildagi darajadan deyarli ikki barobar oshdi.

Rossiyadagi vaziyat

Rossiya mintaqadagi eng yirik iqtisodiyot bo‘lib qolmoqda va Yevropa hamda Markaziy Osiyo davlat qarzi umumiy hajmining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Biroq ko‘plab qo‘shnilardan farqli o‘laroq, Rossiyada qarzning ko‘payishi asosan tashqi qarzlar emas, balki ichki qarzlar tufayli yuzaga keldi. Ya’ni davlat mablag‘larni asosan xorijiy kreditorlardan emas, balki ichki bozordan jalb qilgan.

Shu sababli Rossiya valyuta xavf-xatarlariga, ya’ni valyuta kursi tebranishi va xorijiy moliyaviy manbalarga kirish imkonining cheklanishiga kamroq bog‘langan. Shunday bo‘lsa-da, uning davlat qarzi, ayniqsa pandemiyadan so‘ng hamda sanksiyalar bosimi va harbiy xarajatlar sharoitida byudjet sarflarining ko‘payishi natijasida o‘sishda davom etdi.

Tashqi xatarlar va qarz olishning yuqori narxi

Boshqa ko‘plab mamlakatlarda qarzning asosiy qismini tashqi qarz tashkil etadi. Bu esa ularni valyuta kurslari o‘zgarishi va global inqirozlarga nisbatan zaif qiladi. Davlat qarzlarining o‘rtacha 70% ini tashqi qarz tashkil qilmoqda.

Qozog‘istondan tashqari barcha mamlakatlarning kredit reytingi investitsiya darajasidan past. Shu bois ular yuqori foizlarda qarz olishga majbur. Bu, ayniqsa, Tojikistonga taalluqli bo‘lib, u 2027-yilda yevroobligatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Agar u imtiyozli qarzlar shaklida xalqaro yordam olmasa, qarz inqirozidan qutulish qiyin bo‘lishi mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

OIIB O‘zbekistonda qishloq yo‘llarini modernizatsiysi uchun $173,4 mln ajratadi
/
OIIB O‘zbekistonda qishloq yo‘llarini modernizatsiysi uchun $173,4 mln ajratadi
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishda yengillik berilmoqda
/
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishda yengillik berilmoqda
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket beshinchi kun qimmatlashmoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket beshinchi kun qimmatlashmoqda