“Toshkent” fond birjasi sobiq rahbari “Kapitalbank” kuzatuv kengashi a’zosi etib saylandi
Paresishvili 2022-yildan beri “Toshkent” fond birjasiga rahbarlik qilib kelgan va IPO jarayonlarini rivojlantirishda faol ishtirok etgan

16-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan “Kapitalbank” aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida “Toshkent” Respublika fond birjasi (RFB) sobiq raisi Georgiy Paresishvili uch yil muddatga bank kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Paresishvili uch yillik mehnat shartnomasi muddati yakunlangani sababli fond birjasi boshqaruvi raisi lavozimini tark etgan edi. U ushbu lavozimda 2022-yil avgustidan buyon faoliyat yuritib kelgan.
Paresishvili rahbarligi davrida O‘zbekiston fond bozori xalqaro moliyaviy infratuzilmaga integratsiyalashuv yo‘lida qadamlar tashladi, shuningdek, mahalliy kompaniyalar uchun IPO va SPO jarayonlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.
Fond birjasi kuzatuv kengashining sentabr oyidagi qaroriga muvofiq, Tashov Fayzulla Muratovich vaqtincha boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ