Gazsiz uylar uchun elektr energiyasi bo‘yicha chegirmalar bu yil joriy qilinmaydi
Energetika vazirligiga ko'ra, loyiha tahlillari tugagach, yil oxirigacha hukumatga taqdim etilishi rejalashtirilgan
Foto: Energetika vazirligi
O‘zbekistonda gaz tarmog‘iga ulanmagan hududlar aholisi uchun elektr energiyasi to‘lovlariga chegirmalar tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 28-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasida gazsiz xususiy uylar uchun ijtimoiy norma miqdorida iste’mol qilinadigan elektr energiyasi narxiga 50% chegirma qo‘llash ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tashabbus 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan edi, biroq hujjat loyihasi huquqiy ekspertiza bosqichida qolib ketgan.
Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, hozirda markazlashgan elektr tarmog‘iga ulangan gazsiz ko‘p qavatli uylar aholisi amaldagi qonunchilik asosida allaqachon 50% lik chegirmadan foydalanmoqda.
Vazir elektr energiyasini kengroq joriy etish imkonini beruvchi qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari paydo bo‘layotganini, bu esa Farg‘ona vodiysi kabi hududlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi shakllariga yo‘l ochishini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gazsiz hududlarda istiqomat qiluvchi 4 mlndan ortiq abonent suyultirilgan gaz va ko‘mirni imtiyozli narxlarda olmoqda — kilogrammi 2000 so‘m bo‘lib, bozordagi narx 5000–8000 so‘mgacha yetadi.
Shuningdek, davlat tomonidan issiqlik nasoslari va energiya tejovchi tizimlarni o‘rnatishga subsidiya ajratilmoqda. “Agar isitish tizimi elektrlashtirilsa, xarajatlar kamayadi, shuning uchun bunday loyihalarni rag‘batlantiryapmiz”, — dedi Mirzamahmudov.
Vazirga ko‘ra, elektr energiyasidan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha yangi imtiyozlar bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozirda ayrim tumanlarda pilot dastur doirasida to‘lov tizimlari sinovdan o‘tkazilmoqda.
Hududlarda tarmoqlarni yangilayapmiz, podstansiyalarni yangilayapmiz. Agarda to‘liq o‘sha hududda elektr ta’minotiga ham isitish, ham pishirish o‘tkaziladigan bo‘lsa, demak, u yerda biz bir tomondan yutamiz — ko‘mir bilan suyultirilgan gaz imtiyozli narxda berilmaydi, o‘zaro subsidiya miqdori sal kamayadi. Lekin tarmoqqa xarajatlarni hozir hisob-kitob qilyapmiz. Sababi o‘sha pilot tariqasida tanlangan hududlarda tarmoqqa yana ikki-uch barobar ko‘p xarajat ketyapti. Shuning uchun hozir buning tahlilini qilyapmiz, — dedi u.
Vazirlik mazkur takliflarni hukumatga taqdim etgan va yakuniy xulosalar yil oxirigacha tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, vazir jamoatchilikni “1-yanvardan imtiyozlar joriy etiladi” degan taxminlardan ogohlantirdi.
Bundan tashqari, Mirzamahmudov yaqin oylar va qish mavsumida tariflar oshirilmasligini ta’kidladi.
Kelasi yilning may oyida faqat inflyatsiya darajasida indeksatsiya ko‘zda tutilgan, — dedi u.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ