Garvardga chet ellik talabalarni qabul qilish taqiqlandi

Ta’lim olayotgan xorijliklar boshqa universitetga o‘tishi yoki mamlakatni tark etishi kerak bo‘ladi

Garvardga chet ellik talabalarni qabul qilish taqiqlandi

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Garvard universitetini xorijlik talabalarga ta’lim berish huquqidan mahrum qildi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri Kristi Noemga tayanib BBC xabar berdi.

Vazir Garvard universitetining talabalar almashinuvi dasturini amalga oshirish huquqini beruvchi sertifikatini bekor qilishni buyurdi. AQSHda o‘qishni rejalashtirayotgan chet elliklar F yoki M toifasidagi vizani olishi kerak. Bunday vizani olish uchun esa, faqat talabalarni va almashinuv dasturi ishtirokchilarini qabul qilish uchun sertifikatlangan (SEVP) ta’lim muassasalari zarur hujjatlarni taqdim eta oladi.

Bu Garvardning bundan buyon chet ellik talabalarni o‘qishga qabul qila olmasligini anglatadi. Hozirda Garvardda o‘qiyotgan xorijliklar boshqa universitetga o‘tishga majbur, aks holda ular mamlakatda qolish huquqini yo‘qotadi.

Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-o‘quv yilida Garvardda 7 mingga yaqin xorijlik talaba tahsil olgan. Bu umumiy talabalar sonining 27,2% ini tashkil etadi.

Ma’muriyat Garvardni zo‘ravonlikni va antisemitizmni qo‘zg‘atish hamda Xitoy Kommunistik partiyasi bilan aloqalar o‘rnatishda aybdor deb hisoblaydi, dedi Kristi Noem.

U universitetlarga chet ellik talabalarni qabul qilish va yuqoriroq kontrakt to‘lovlaridan foyda olish “huquq emas, balki imtiyoz” ekanini ta’kidladi.

Garvard universiteti munosabati

Universitet o‘z bayonotida Tramp ma’muriyatining bu qadamini noqonuniy deb atadi.

Biz Garvardning 140 dan ortiq mamlakatdan kelgan, universitetni va ushbu mamlakatni beqiyos boyitadigan xalqaro talabalar va olimlarni qabul qilish qobiliyatini saqlab qolishga to‘liq sodiqmiz. Ushbu qasos harakati Garvard hamjamiyati va mamlakatimizga jiddiy zarar yetkazish bilan tahdid qiladi hamda Garvardning akademik va tadqiqot missiyasiga putur yetkazadi, deyiladi bayonotida.

Aprel oyining o‘rtalarida AQSH Ta’lim vazirligi Garvard uchun federal grantlarni muzlatib qo‘yishini e’lon qildi. Bunga sabab sifatida universitetning vazirlik talablari — xususan, “talabalar va xodimlarning qarashlarini auditdan o‘tkazish” bo‘yicha topshiriqni bajarmagani ko‘rsatildi.

Xususan, universitetdan shunday tizim ishlab chiqilishi talab qilindi, u orqali “Amerika qadriyatlari va institutlariga dushmanona munosabatda bo‘lgan chet ellik talabalarni” qabul qilishning oldi olinadi.

Universitet bu talablarni bajarishdan bosh tortgan, shundan so‘ng Tramp Garvardni maxsus soliq maqomidan va chet ellik talabalarni qabul qilish imkoniyatidan mahrum qilish bilan tahdid qilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda bank kartalari soni 63,7 mln donaga yetdi
/
O‘zbekistonda bank kartalari soni 63,7 mln donaga yetdi
O‘zbekiston va Qozog‘iston to‘rtta yangi chegara postida kichik yuk mashinalari harakatiga ruxsat beradi
/
O‘zbekiston va Qozog‘iston to‘rtta yangi chegara postida kichik yuk mashinalari harakatiga ruxsat beradi
2025-yil 1-iyuldan ayrim shifokorlarga 25% dan 100% gacha ustama to‘lanadi
/
2025-yil 1-iyuldan ayrim shifokorlarga 25% dan 100% gacha ustama to‘lanadi