Gulnora Karimovaga tegishli aktivlardan $20 mlni ta’lim rivojiga yo‘naltiriladi
Ishonch jamg‘armasi maktablarni ta’mirlash va o‘quv jarayonini raqamlashtirishni moliyalashtiradi
Ishonch jamg‘armasini boshqarish qo‘mitasi $20 mln hajmidagi investitsiyani “Maktablarda iqlimga moslashuvchanlik, suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena jarayonlarini modellashtirish” loyihasiga yo‘naltirishini ma’lum qildi. Bu haqda BMT matbuot xizmati xabar berdi.
Jamg‘arma vakillari ta’kidlaganidek, ushbu mablag‘lar restitusiyaning bir qismi hisoblanadi — ya’ni Gulnora Karimovadan korrupsiya yo‘li bilan olingan aktivlarning mamlakatga qaytarilishi jarayoni. Bu jamg‘arma tomonidan amalga oshirilayotgan ilk loyiha bo‘lib, u ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash orqali jamiyat manfaatiga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida O‘zbekiston bo‘ylab kamida 45 ta qishloq maktabi ta’mirlanadi. U yerda zamonaviy sanitariya jihozlari, isitish tizimlari va toza energiya yechimlari o‘rnatiladi. Natijada energiya iste’moli 30%ga, issiqxona gazlari chiqindilari esa 50%ga kamayadi.
Mazkur loyiha tufayli 31,5 ming nafar o‘quvchi, xususan qizlar, qulayroq sharoitda ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, 2,7 ming nafar o‘qituvchi va maktab ma’muriyati vakillari iqlimga moslashuvchanlik, genderga yo‘naltirilgan sanitariya va gigiyena bo‘yicha o‘qitiladi.
Shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash maqsadida “Mening eng yaxshi maktabim” nomli raqamli portal ishga tushiriladi. Unda har bir kishi byudjet, qurilish jarayoni va ishlarning muddatini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ