Yangi Toshkentda $100 mlnlik futbol stadioni qurilishi boshlandi

55 ming o‘rinli yangi stadion 2027-yilga qadar qurib bitkazilishi rejalashtirilgan

Yangi Toshkentda $100 mlnlik futbol stadioni qurilishi boshlandi

Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Yangi Toshkentdagi zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oxirgi besh yilda bolalar va o‘smirlar akademiyalari tashkil etildi, hududlarda 75 ta katta va 302 ta mini stadion faoliyat ko‘rsatmoqda. 2017-yilda respublikada FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan maydonlarning soni atigi 3 ta bo‘lgan. Bugun ularning soni 10 tadan oshdi.

1,5 mingta maktabning futbol stadionlari ta‘mirlanib, 1 mlndan ziyod o‘quvchi va mahalla yoshlari qamrab olindi. Musobaqalarda o‘zini ko‘rsatgan iqtidorli yoshlar futbol maktablariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinmoqda.

Bugun dunyoning turli nufuzli klublarida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik 20 nafar futbolchining umumiy transfer qiymati $60 mlndan oshdi.

2-oktabr kuni FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 2027-yildagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Ushbu jahon chempionati doirasidagi o‘yinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda o‘tkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final o‘yinlari sig‘imi 50 mingdan ko‘p bo‘lgan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.

Shu bois, mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha — Yangi Toshkent stadioni qurilishini boshlaymiz. Qiymati $100 mlnlik ushbu stadion qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi, — dedi davlat rahbari.

Yangi Toshkent hududidagi barcha loyihalar zamonaviy me‘morchilik va milliy qadriyatlar uyg‘unligida ekologik va “aqlli boshqaruv»ga asoslanib barpo etilmoqda. Shu umumiy konsepsiya asosida quriladigan yangi stadion ham tabiat bilan uyg‘un bo‘ladi hamda “yashil energiya”, “aqlli boshqaruv” va “qulay muhit” tamoyillariga asoslanadi.

Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etiladi hamda Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi.

Bu inshoot nafaqat 2027-yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun o‘zbek futboli va yoshlar sportining kelgusi o‘n yillik rivoji uchun xizmat qilishi ta‘kidlandi.

Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga tayyorgarlik bo‘yicha alohida davlat dasturi qabul qilinishi aytildi. Infratuzilma, transport, mehmonxona, tibbiy xizmat va volontyorlik tizimlari bo‘yicha mas‘ul vazirliklarga aniq vazifalar belgilab beriladi.

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent stadioni poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Shavkat Mirziyoyev biznesga bosim o‘tkazayotgan jinoiy tuzilmalarni tugatishni topshirdi
/
Shavkat Mirziyoyev biznesga bosim o‘tkazayotgan jinoiy tuzilmalarni tugatishni topshirdi
Toshkent – Samarqand o‘rtasida yuqori tezlikdagi temir yo‘l ishga tushiriladi
/
Toshkent – Samarqand o‘rtasida yuqori tezlikdagi temir yo‘l ishga tushiriladi
O‘zbekistonda tengedan tashqari barcha xorijiy valyutalar tushib ketdi
/
O‘zbekistonda tengedan tashqari barcha xorijiy valyutalar tushib ketdi