ILMA “Franklin Templeton” ga qimmatli qog’ozlar bozorida faoliyati uchun litsenziya berdi
Kompaniya fevral oyida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi bilan investitsiya aktivlarini boshqarish haqida bitim imzolagan

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) “Franklin Templeton Asset Management” MCHJ XK ga investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi sifatida qimmatli qog’ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil fevral oyida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi va “Franklin Templeton Asset Management” MCHJ XK o‘rtasida investitsiya aktivlarini boshqarish bo‘yicha bitim imzolangan edi.
Mazkur bitimga muvofiq, “Franklin Templeton“ jamg‘armaning investitsiya portfeli boshqaruvini hamda aktivlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan transformatsiya dasturlarini amalga oshiradi.
Mazkur islohotlar yakunlangach, jamg‘armaning, shuningdek, uning boshqaruvidagi korxona va banklarning aksiyalari mahalliy va xalqaro fond birjalarida joylashtirilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi 2024-yil 24-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Jamg‘arma kapitali 18 ta davlat korxonasi va tijorat banklarining 20% dan 40% gacha bo‘lgan aksiyalarini o‘tkazish hisobiga shakllantirilgan. Jamg‘armaning yagona ta’sischisi — O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisoblanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ