Telegram asoschisi Pavel Durovning boyligi qariyb uch barobarga kamaydi
Forbes ma’lumotiga ko‘ra, milliarderning kapitali o‘tgan yilgi $17,1 mlrddan $6,6 mlrdgacha qisqargan
Pavel Durovning boyligi o‘tgan yilgi $17,1 mlrd ko‘rsatkichdan $6,6 mlrdgacha kamaygan. Bu haqda Forbes nashri xabar bermoqda.
Mutaxassislar biznesmen kapitalining keskin qisqarishini texnologiya sektoridagi umumiy pasayish bilan bog‘lamoqda. Telegram qiymatini baholashda ekspertlar uning bevosita raqobatchisi — Snapchat ko‘rsatkichlariga tayanmoqda.
Telegram auditoriyasi 1 mlrd foydalanuvchidan oshganiga qaramay, kompaniyaning moliyaviy natijalari bosim ostida qolmoqda. Yillik tushum $2 mlrd darajasida prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, o‘tgan yilning birinchi yarmida sof zarar $222 mlnni tashkil etgan.
Qo‘shimcha moliyaviy yuk sifatida qarz majburiyatlari qayd etilmoqda. 2026-yil 22-martga qadar Pavel Durov obligatsiya egalari oldida qariyb $1,1 mlrd miqdoridagi to‘lovni amalga oshirishi kerak. Avvalroq qarzlarni qisman qoplash maqsadida 9% daromadlilik bilan $1,7 mlrdlik yangi qimmatli qog‘ozlar joylashtirilgan, bu esa investorlar uchun xavflar oshganini ko‘rsatadi.
Tahlilchilarning fikricha, yaqin istiqbolda IPO o‘tkazish ehtimoli past. Bunga servisning Rossiya va Eron kabi asosiy bozorlarda bloklanishi hamda kompaniyaning joriy bozor bahosi rahbariyat kutgan darajadan ancha past ekani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Forbes, shuningdek, dunyoning eng boy 20 ta milliarderlari reytingini ham e’lon qildi. Elon Musk — dunyoning eng boy odami sifatida keltirilib, boyligi taxminan $839 mlrdga baholangan. Keyingi o’rinda Google (Alphabet)ning asoschilaridan biri Larry Page. Uning boyligi taxminan $257 mlrdga yetgan. Keyingi uchlik esa quyidagichaa:
-
Sergey Brin — Larry Page bilan birga Google’ni asos solgan va Alphabet’da katta ulushga ega. Uning kapitali taxminan $237 mlrd atrofida baholangan.
-
Jeff Bezos — Amazon asoschisi. U onlayn savdo, bulutli xizmatlar va boshqa texnologik bizneslar orqali katta boylik to‘plagan bo‘lib, uning holati taxminan $224 mlrdni tashkil etadi.
-
Mark Zuckerberg — Meta rahbari va asoschisi. U Facebook hamda Instagram kabi platformalar orqali boylik yaratgan bo‘lib, uning holati taxminan $222 mlrdni tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ