O‘zbekistonda eksport kontraktlarini garov sifatida tan olish taklif qilindi
Hozirgi kunda bu tartib faqat katta korxonalar uchun ishlamoqda

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yil 4-iyul kuni Toshkent shahrida Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida eksportyor korxonalar vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilardan biri — xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilayotgan eksportchi tadbirkor muhim taklif bilan chiqdi. U o‘z murojaatida eksport hajmi bosqichma-bosqich ortib borishini (geometrik progressiyada) tushuntirar ekan, ayniqsa katta buyurtmalarni bajarishda aylanma mablag‘ga ehtiyoj yuqori bo‘lishini ta’kidladi.
Tadbirkorning aytishicha, hozirgi kunda banklar garov ta’minoti sifatida asosan ko‘chmas mulkni talab qilmoqda, bu esa korxonalar uchun imkonsizlik tug‘dirmoqda. U O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 60-sonli farmonda eksport kontraktlarini garov sifatida qabul qilish imkoniyati belgilanganini eslatdi. Shunga qaramay, bu amaliyot hali keng joriy etilmaganini bildirdi. Shu asosda u mazkur yondashuvni tizimli ravishda joriy qilishni taklif qildi.
Shuningdek, tadbirkor 36-farmon asosida beriladigan imtiyozli kreditlar (17,5%) dan foydalanishning amaliy qiyinchiliklariga to‘xtaldi. Uning fikricha, ko‘plab eksportyorlar bu imtiyozli mablag‘larga ega bo‘lolmayapti, chunki mavjud ko‘chmas mulklar allaqachon ipotekaga qo‘yilgan bo‘ladi.
Tadbirkor taklifida, ayniqsa, ishonchli xalqaro brendlar bilan tuzilgan eksport kontraktlarini garov sifatida qabul qilish amaliyotini keng joriy etish zarurligi ilgari surildi. U o‘z korxonasi Domino’s va Pizza Hut kabi yirik brendlar bilan ishlayotganini, O‘rta Osiyo davlatlariga eksport qilayotganini va Dubay bilan ham muzokaralar olib borilayotganini ta’kidladi.
Ushbu taklifga javoban Markaziy bank Raisi o‘rinbosari Kamalov Ayubxon Aribdjanovich bu amaliyot ayrim banklarda allaqachon ishlayotgani, lekin uni kengroq tatbiq etish zarurligini tasdiqladi. Prezident topshirig‘iga binoan banklar kredit siyosatiga o‘zgartirishlar kiritayotgani va bu yo‘nalishdagi mexanizm ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgani bildirildi. Tadbirkorlar ishtirokida kichik ishchi guruh tuzilib, bu masala bo‘yicha alohida muzokaralar o‘tkazilishi ham aytib o‘tildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ