Figma Adobe bilan muvaffaqiyatsiz bitimdan keyin IPOga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Kompaniyaning qiymati $16,4 mlrdgacha yetishi mumkin

Figma Adobe bilan muvaffaqiyatsiz bitimdan keyin IPOga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Dizaynerlar uchun bulutli xizmat ko‘rsatuvchi Figma Nyu-York fond birjasida birlamchi joylashtirish orqali $1,03 mlrdgacha mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Kompaniya va uning investorlari taxminan 37 mln aksiyani dona narxi $25 dan $28 gacha bo‘lgan narxda sotmoqchi. Bu joylashtirish Figma uchun muhim bosqich bo‘ladi, chunki bir yildan ortiq vaqt oldin Yevroittifoq va Buyuk Britaniyaning tartibga solish cheklovlari tufayli Adobe kompaniyasiga $20 mlrdga sotilish kelishuvi bekor bo‘lgan edi.

Barcha joylashtirilayotgan aksiyalarni hisobga olgan holda kompaniyaning qiymati $16,4 mlrdga yetishi mumkin. O‘tgan yili tender taklifi doirasida uning qiymati $12,5 mlrd deb baholangan edi.

Figma allaqachon investorlarning e’tiborini tortdi, chunki 31-mart holatiga ko‘ra Bitwise kompaniyasining bitkoin-fondiga $70 mln kiritgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu aktivga yana $30 mln yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Aksiyalar savdosi FIG tikeri ostida boshlanadi, joylashtirish tashkilotchilari sifatida Morgan Stanley, Goldman Sachs, Allen & Co va J.P. Morgan qatnashadi.

Kompaniyaning 2025-yil birinchi choragidagi daromadi 46% ga, sof foydasi esa uch barobarga oshdi. Mijozlar orasida ServiceNow, Workday va SAP kabi kompaniyalar bor.

Bundan tashqari, kompaniya qo‘shilish va sotib olish bo‘yicha faol bitimlar tuzishni ko‘zda tutmoqda. Hammuassis va bosh direktor Dilan Fildning aytishicha, kompaniya “doim ham oqilona ko‘rinmaydigan” dadil qarorlar qabul qilishga tayyor.

Shu bilan birga, Figma sun’iy intellekt vositalarining rivojlanishi o‘z platformasiga bo‘lgan talabga ta’sir qilishi, migratsiya cheklovlari esa mutaxassislarni ishga olishni qiyinlashtirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. O‘tgan yili Figma daromadining yarmidan ko‘pi xorijiy bozorlarga to‘g‘ri kelgani savdo munosabatlaridagi keskinlik sharoitida qo‘shimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltirmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Zomin texnoparkiga $250 mln investitsiya kiritiladi
/
Zomin texnoparkiga $250 mln investitsiya kiritiladi
O‘zbekistonda birinchi mikromoliya banki tashkil etiladi
/
O‘zbekistonda birinchi mikromoliya banki tashkil etiladi
“Citibank” O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochdi
/
“Citibank” O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochdi