Fevral oyida aholining sezilgan inflyatsiyasi 11,6%ni tashkil etdi
Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi, narxlar o‘sishida go‘sht va sut mahsulotlari yetakchi bo‘ldi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yil fevral oyi yakunlariga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi 11,6%ni tashkil etdi, deb xabar bermoqda Markaziy bank. Ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan sezilarli o‘zgarishsiz saqlanib qoldi. So‘rovda jami 2 846 nafar respondent ishtirok etdi.
Hududlar kesimida eng yuqori sezilgan inflyatsiya Toshkent shahrida — 13,3% darajasida qayd etildi. Shuningdek, Andijon (12,9%), Farg‘ona (12,2%) va Sirdaryo (12,2%) viloyatlarida ham yuqori ko‘rsatkich kuzatildi. Eng past daraja esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 10,0%ni tashkil etdi.
Narxlar o‘sishiga ta’sir qilgan asosiy omillar
Yanvar–fevral oylarida aholi narxlar o‘sishini eng ko‘p quyidagi tovar va xizmatlar guruhlarida sezgan:
- go‘sht va sut mahsulotlari — 47%;
- benzin va yoqilg‘i — 40%;
- meva-sabzavotlar — 26%;
- elektr energiyasi va tabiiy gaz — 24%;
- dori-darmonlar — 21%.
Shuningdek, transport xizmatlari, umumiy ovqatlanish, tibbiy xizmatlar va tuxum narxlaridagi o‘zgarishlar ham sezilarli qayd etilgan.
Daromadlar bo‘yicha tafovut
Sezilgan inflyatsiya darajasi daromad guruhlariga qarab farq qilmoqda. Oylik daromadi 20 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholida bu ko‘rsatkich 14,4%ni tashkil etgan. 15–20 mln so‘m daromadga ega guruhda 12,0%, 10–15 mln so‘m oralig‘ida esa 13,8% qayd etilgan.
2 mln so‘mgacha daromad oluvchilarda sezilgan inflyatsiya 10,4% bo‘lib, umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan past shakllangan.
Kasblar kesimida eng yuqori sezilgan inflyatsiya umumiy ovqatlanish sohasi vakillari tomonidan (13,0%) bildirilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich ta’lim sohasi vakillarida (10,4%) qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ