2026-yil fevralda ishbilarmonlik faolligi indeksi 12,4%ga oshdi
Birjada tuzilgan bitimlar soni 36,2% ga oshganiga qaramay, har bitim bo‘yicha o‘rtacha xarid hajmi 15,1% ga kamaydi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 2026-yil fevral oyida 1124 birlikni tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 12,4%ga oshdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa o‘sish 24,2%ni tashkil qilgan.
Fevral oyida IFI tarkibiy qismlarida quyidagi o‘sishlar kuzatildi:
- xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridagi operatsiyalar soni — 22%ga oshdi;
- tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo xarid qilish jadalligi — 10,6%ga ko‘tarildi;
- faoliyat yuritayotgan xo‘jalik subyektlari soni bo‘yicha komponent — 0,9%ga o‘sdi;
- tovar belgilari bo‘yicha komponent — 9,4%ga oshdi.
Shuningdek, ishbilarmonlik faolligi indeksi 13 ta hududda o‘tgan oyga nisbatan o‘sdi. Jumladan, Andijon (44,8%), Sirdaryo (41,7%), Toshkent viloyati (33,3%) va Qashqadaryo viloyatida (28,2%) sezilarli o‘sish qayd etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa ko‘rsatkich 0,5%ga kamaygan.
Banklararo operatsiyalar hajmi oshdi
Hisobot davrida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 6 760,3 ming tani tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 1 220,5 mingta (22%)ga oshdi.
12 ta hududda o‘sish kuzatildi. Xususan, Toshkent shahrida (24,1%), Surxondaryo (23,3%), Samarqand (21,4%) va Navoiy (17,7%) viloyatlarida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari sezilarli ko‘paydi. Sirdaryo (8,1%) va Qoraqalpog‘istonda (1,6%) pasayish qayd etildi.
Birja savdolari va subyektlar soni
Fevral oyida IFIning birja komponenti 1,1058 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 10,6%ga oshdi. Tuzilgan bitimlar soni 36,2%ga ko‘paygan bo‘lsa, har bir bitim bo‘yicha o‘rtacha xarid hajmi 15,1%ga kamaydi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida savdo aylanmasi 6 296 mlrd so‘mni tashkil etib, bu ko‘rsatkich yanvarga nisbatan 6,5%ga oshgan.
Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik subyektlari komponenti 1,0088 birlikni tashkil etib, 0,9%ga o‘sdi.
- faol subyektlar soni 4 079 taga ko‘payib, 508,5 mingtaga yetdi;
- yirik korxonalar soni 51 taga oshib, 4 161 tani tashkil etdi;
- kichik korxonalar soni 3,9 mingtaga ko‘payib, 415,1 mingtaga yetdi;
- fermer xo‘jaliklari soni 36 taga oshib, 89,2 mingtani tashkil etdi.
Tovar belgilari ro‘yxatga olinishi faollashdi
Fevral oyida tovar belgilari komponenti 1,0641 birlikni tashkil etib, 9,4%ga o‘sdi. Hisobot davrida yuridik shaxslar tomonidan 430 ta tovar belgisi va nomlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ