Farg‘ona viloyatida $8,2 mlrdlik sanoat, agrar va IT loyihalari ishga tushiriladi
2026-yil oxiriga borib hududda kambag‘allik darajasi 2,7% gacha kamaytiriladi
Фото: пресс-служба президента
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi hamda yangi investitsion loyihalar paketini tasdiqladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Yig‘ilishda hududda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalari tahlil qilindi. 2017-yildan buyon jon boshiga yalpi hududiy mahsulot qariyb 4 barobar oshib, 26,6 mln so‘mga yetdi. O‘tgan yili 519 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanib, 53 mingta oila ehtiyojmandlar ro‘yxatidan chiqarildi. 2026-yil oxiriga qadar ishsizlikni 3% ga, kambag‘allikni esa 2,7% gacha kamaytirish rejalashtirilmoqda.
Viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun umumiy qiymati $8,2 mlrd bo‘lgan loyihalar portfeli shakllantirildi. Joriy yilda $4,2 mlrdlik quvvatlar ishga tushiriladi. Shundan:
- $2,7 mlrd — sanoatga;
- $210 mln — qishloq xo‘jaligiga;
- $1,2 mlrd — xizmatlar va turizmga yo‘naltiriladi.
Yer resurslaridan foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum bo‘lishicha, sanoat uchun ajratilgan 2 115 gektar maydonning 40% hali auksionga chiqarilmagan. Prezident avval infratuzilmani tayyorlab, so‘ng yerlarni tadbirkorlarga taklif etish bo‘yicha topshiriq berdi.
2026-yilda 98 mingta doimiy ish o‘rni yaratish va 74 ming nafar ishchini rasmiy bandlikka jalb etish rejalashtirilgan. Hududdagi 9 ta tuman va shaharni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish ko‘zda tutilmoqda. Murakkab mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 800 mlrd so‘m ajratiladi, banklar tomonidan esa “Mahalla loyihasi” doirasida 1,4 trln so‘m kredit beriladi.
Qishloq xo‘jaligida chuqur qayta ishlashga ustuvorlik berilib, meva-sabzavot eksportini $510 mlngacha oshirish maqsad qilingan. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda Farg‘ona va Quvasoyda $175 mlnlik agrologistika markazlari quriladi. Chorvachilik va sutni qayta ishlash loyihalariga $21 mln yo‘naltiriladi.
Ijtimoiy sohada 33 ta maktabni ta’mirlash uchun 343 mlrd so‘m ajratiladi. Turizmni rivojlantirish maqsadida So‘x va Farg‘ona tumanlarida dam olish maskanlari barpo etiladi, Qo‘qonda esa madaniy meros yo‘nalishlari ishlab chiqiladi. Shuningdek, 17 ta davlat idorasi “Yangi O‘zbekiston” massiviga ko‘chiriladi.
Raqamlashtirish ham asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Joriy yilda viloyatda IT-xizmatlar hajmi 3,5 trln so‘mga, eksport esa $30 mlnga yetkaziladi. Farg‘ona shahrida yangi texnopark barpo etiladi, Marg‘ilonda esa xalqaro IT-universitet ochilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ