Koreya kompaniyasi Farg‘onada $20 mlnlik loyihani amalga oshiradi
Loyiha doirasida elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar va televizorlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Janubiy Koreyaning “AHA Co., Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Don bilan uchrashdi.
Muloqot davomida kompaniya tomonidan Farg‘ona shahridagi Ekoshahar hududida amalga oshirilayotgan zamonaviy elektron doskalar va elektr transport vositalari uchun zaryadlovchi qurilmalar ishlab chiqarish bo‘yicha pilot loyihaning borishi hamda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mazkur loyiha doirasida koreyalik investorlar viloyatga $20 mln miqdorida sarmoya kiritadi. Yangi korxonada ichki bozor va eksport uchun interaktiv elektron doskalar (IFPD), elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar, tibbiy jihozlar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Korxona kelgusi yildan faoliyat boshlaydi va to‘liq quvvatda ishga tushgach, 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar uchun tayyorlov kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida televizorlar ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan.
Uchrashuvda koreyalik investorlarning Farg‘ona viloyatiga bo‘lgan qiziqishi alohida ta’kidlanib, oktabr oyida Janubiy Koreyaga viloyat delegatsiyasi tashrifi chog‘ida biznes-forum tashkil etish, ta’lim, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida yangi kelishuvlar imzolash masalalari muhokama qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ